
AQSH prezidenti Donald Tramp taklif etgan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha «tinchlik rejasi» Yevropa Ittifoqining Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha rejalarini jiddiy qiyinlashtirishi mumkin. Politico‘ning Yevropa tahririyati bilan suhbatlashgan bir nechta manbalar aytishicha, rejadagi moliyaviy mexanizmlar Bryusselning Kiyevga «reparatsiyaviy kredit» ajratish bo‘yicha tayyorlanayotgan dasturi bilan keskin ziddiyatga kirishyapti.
Yevropa amaldorlaridan biri Trampning Yevropa hududida saqlanayotgan Rossiya aktivlarini tasarruf etish bo‘yicha hech qanday huquqqa ega emasligini ochiq ta’kidlagan. YEIga a’zo yana bir davlat vakilining aytishicha, Vashington tomonidan taklif etilgan sxemalar Yevropa uchun «haqoratli» ravishda qabul qilingan, hatto Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff haqida juda keskin fikrlar ham bildirilgan.
Manbalar ta’kidlashicha, YEI uzoq vaqtdan beri muzlatilgan aktivlardan Ukraina manfaati yo‘lida qanday qilib adolatli va xavfsiz foydalanish mumkinligini izlab, juda murakkab mexanizmlar ustida ishlab kelgan. Tramp rejasida esa bu mablag‘larni katta qismi AQSH nazorati ostiga o‘tib ketishi, foydaning yarmi Vashingtonga tegishli bo‘lishi nazarda tutilgan. Bu esa yevropalik tahlilchilar fikriga ko‘ra, «deyarli barcha tomonlardan rad etiladigan» g‘oya.
Vashington taklifiga ko‘ra:
– Yevropa va AQSH muzlatilgan aktivlardan 200 milliard dollarlik paketni Ukraina tiklanishiga yo‘naltiradi;
– Bu mablag‘ning 100 milliard dollari AQSH nazoratida harakatlanadi va undan keladigan foydaning 50 foizi Amerikaga tegishli bo‘ladi;
– Qolgan summa Yevropa zimmasiga yuklatiladi;
– Mablag‘larning qolgan qismi AQSH–Rossiya qo‘shma investitsiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlanayotgan «reparatsiyaviy kredit» esa boshqacha mexanizmga qurilgan. Bu kredit Ukrainaga faqat urush tugaganidan va Moskva yetkazilgan zararni rasman qoplashga rozilik bildirganidan keyin yuklanadi. Shunda mablag‘lar Yeuroclear depozitariysiga qaytariladi va Rossiya ulardan yana foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Loyiha hajmi taxminan 140 milliard yevro (162 milliard dollar) bo‘lib, 2026–2027-yillarda Ukraina iqtisodiyoti uchun «eng muhim ehtiyojlar» sifatida belgilab qo‘yilgan.
Belgiya bosh vaziri Bart de Vever joriy yil oktyabr oyida YEI sammitida, agar Yevropa ittifoqchilari xavfni birgalikda bo‘lishmasalar, Bryussel bu tashabbusni yopishga majbur bo‘lishini aytgandi. Yevropa mamlakatlari Belgiyani himoya qilishga kelishib olgan va aktivlar taqdiri 18–19 dekabr sammitida hal etilishi kutilmoqda.
Biroq Tramp rejasi bu jarayonni yanada murakkablashtirmoqda. Yevropa manbalari fikricha, AQSH tomonidan muzlatilgan aktivlarni to‘liq blokdan chiqarish talabi Bryusselni keskin siyosiy bosim ostida qoldiradi. Agar shunday vaziyatda YEI «reparatsiyaviy kredit»ni baribir bersa, keyinchalik uni Rossiyaga qaytarish mas’uliyati aynan Yevropa mamlakatlari zimmasiga tushishi mumkin.
Yevropa diplomatlarining ta’kidlashicha, Tramp rejasining bu bandi nafaqat moliyaviy risklarni oshiradi, balki Ukraina uchun rejalashtirilgan yordam tizimini ham izdan chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
Shubhasiz, dekabr oyidagi YEI sammiti bu borada hal qiluvchi bosqich bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.