
Afganistonning Xost viloyatida Pokiston harbiylari tomonidan amalga oshirilgan havo zarbasi oqibatida o‘n nafar tinch aholi, jumladan, to‘qqiz nafar yosh bola qurbon bo‘ldi. Bu haqda seshanba tongida "Tolibon" hukumatining vakili Zabihulloh Mujohid rasman xabar berdi.
Mujohidning aytishicha, kecha tungi soat 12:00 da Xost viloyatining Gerbzvou tumanida pokistonlik kuchlar mahalliy fuqaro Valiat Xonning uyini bombardimon qilgan. Natijada 5 o‘g‘il va 4 qiz bolalar hamda bir ayol halok bo‘lgan, uy to‘liq vayron bo‘lgan. Shuningdek, Pokiston Kunar va Paktika viloyatlarida ham bosqinlar amalga oshirib, yana to‘rt nafar tinch aholini jarohatlagan.
Hujum sababi va diplomatik inqiroz
Bu qonli reydlar Pokistonning Peshovar shahridagi harbiy binoga uyushtirilgan xudkushlik hujumidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. O‘sha teraktda Pokiston uch nafar politsiya xodimdan ayrilgan edi.
So‘nggi vaqtlarda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida chegaradagi qonli to‘qnashuvlar tez-tez kuzatilmoqda. Tomonlar o‘tgan oyda Dohada o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini imzolagan bo‘lsa-da, keyingi tinchlik muzokaralari qisqa muddatli bitimsiz yakunlandi.
Muzokaralarning asosiy to‘sig‘i – Pokistonga dushman bo‘lgan qurolli guruhlarning Afg‘oniston hududidagi faoliyati borasidagi ixtilof bo‘lib qoldi. Hozircha Pokiston armiyasi va tashqi ishlar vazirligi holatga izoh bermagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.