date

Beninda harbiy to‘ntarish: prezident Patris Talon taqdiri noma’lum qoldi

Beninda harbiy to‘ntarish: prezident Patris Talon taqdiri noma’lum qoldi

Beninda siyosiy vaziyat keskin tus oldi — mamlakat harbiylari davlat telekanali orqali prezident Patris Talon hokimiyatdan chetlatilganini ma’lum qildi. Ular Konstitutsiya amaliyoti to‘xtatilganini, barcha quruqlik chegaralari va havo makoni yopilganini e’lon qilib, boshqaruv vaqtincha podpolkovnik Tigri Paskal rahbarligidagi harbiy kengash qo‘liga o‘tganini bildirdi.

Fransiyaning Benindagi elchixonasi ham favqulodda bayonot berdi. Ma’lum qilinishicha, prezidentning Kotonu shahridagi qarorgohi atrofidan otishma ovozlari eshitilgan va fransuz fuqarolari xavfsizlik maqsadida uylarini tark etmaslikka chaqirilgan.

O‘zini «Qayta qurish bo‘yicha harbiy qo‘mita» deb atagan guruh televideniye orqali chiqishida maxsus yig‘ilish o‘tkazilgani, unda Patris Talonni prezidentlik lavozimidan chetlatish haqida qaror qabul qilinganini bildirgan.

Shu bilan birga, Talonga yaqin manbalar davlat rahbari xavfsiz joyga o‘tkazilganini aytmoqda. Prezident ofisining AFP agentligiga bildirishicha:

«Bu – televideniyeni egallagan kichik guruh xolos. Bosh qo‘shin holatni nazoratga qaytarmoqda. Shahar va mamlakat xavfsiz».

67 yoshli Patris Talon kelasi yili lavozimini tark etish niyatida ekanini aytgandi. U 2016-yilda hokimiyatga kelgan, mamlakatda «paxta qiroli» sifatida tanilgan yirik tadbirkor hisoblanadi. Ikkinchi muddati 2026-yil bahorigacha davom etishi kerak edi.

To‘ntarish G‘arbiy Afrikadagi siyosiy beqarorlik fonida ro‘y berdi. Atigi o‘n kun avval qo‘shni Gvineya-Bisauda ham prezident Umaro Sissoko Embalo ag‘darilgandi. So‘nggi yillarda Mali, Niger, Burkina-Faso va Gvineyada ham harbiylar hokimiyatni qo‘lga olgani mintaqada xavfsizlik borasida jiddiy xavotirlarni oshirib yubormoqda.

Benin esa hozir shu beqarorlik zanjirining navbatdagi halqasiga aylandi — vaziyat qanday o‘zgarishi hozircha noma’lum.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Beninda harbiy to‘ntarish: prezident Patris Talon taqdiri noma’lum qoldi