
Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasidagi kelishuvni imzolash “haqiqatan ham juda yaqin” ekanligi e’lon qilindi. AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogning so‘zlariga ko‘ra, sulh taqdiri ikkita asosiy masala — Donbass mintaqasining kelajagi va Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) atrofidagi muammolarni hal etishga bog‘liq.
Muzokaralarning "Finish chizig‘i"
6-dekabr, shanba kuni Kaliforniyada Ronald Reygan prezidentlik fondi tomonidan tashkil etilgan forumda nutq so‘zlagan Kellog: “Agar shu ikki muammoni tartibga sola olsak, qolgan barcha masalalar osonlikcha hal bo‘ladi, deb o‘ylayman. Biz deyarli maqsadga yetdik… Haqiqatan ham juda yaqin turibmiz”, — deya ta’kidladi.
Uning aytishicha, muzokaralar jarayoni “marafonning so‘nggi 10 metri” bosqichida turibdi. Bu esa, odatda, eng murakkab va qiyin bosqich hisoblanadi. Kellogning aniqlashicha, to‘liq ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina tomonida halok bo‘lgan va yaralanganlarning umumiy soni 2 million nafardan oshgan.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Rossiya ayni paytda Ukraina hududining 19,2 foizini nazorat qilmoqda.
ZAES va Kushnerning roli
ZAES atrofidagi masalani hal etish bo‘yicha AQSHning dastlabki takliflari mavjud:
1. Stansiyada ish qayta tiklanadi.
2. ZAES Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) nazorati ostiga o‘tadi.
3. Ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida taqsimlanadi.
AQSH prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner muzokaralarni olib borishda asosiy figuralar sifatida tilga olinmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6-dekabr kuni Kushner bilan uzoq va “mazmunli” telefon suhbati o‘tkazganini ma’lum qildi. Kremlda esa aynan Kushner kelishuvni tayyorlash bo‘yicha asosiy ishni olib borishi mumkinligi aytildi.
Yevropa yetakchilarining uchrashuvi
AQSH rahbarligida olib borilayotgan bu muzokaralar jarayoni Yevropa davlatlarining ham diqqat markazida.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 8-dekabr kuni Londonda Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi — AQSH rahbarligida erishilgan ilgarilashlarni “tanqidiy baholash”dan iborat.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.