
Xitoyning Chjeszyan viloyatida joylashgan mashhur Xanchjou safari bog‘ida namoyish chog‘ida kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Internetda tez tarqalgan videokadrlarda qora ayiqning bir lahzada hayvon o‘rgatuvchisiga tashlanib, uni yerga yiqitgani aks etgan. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sahnada ikki ayiq va ular bilan ishlayotgan ikki xodim bo‘lgan. Tomosha yakunlanganidan so‘ng, ayiq to‘satdan o‘rgatuvchilardan birining ustiga sakrab, agdarib yuborgan. Boshqa hodimlar stul va tayoqlardan foydalanib, hayvonni o‘rgatuvchidan ajratib olishga harakat qilgan, biroq ayiq ora uzilganidan so‘ng yana hujumga urinib ko‘rgan.
Park ma’muriyatining rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, voqea paytida hayvon o‘rgatuvchisi ham, ayiq ham qattiq jarohat olmagan.
Dastlabki taxminlarga qaraganda, o‘rgatuvchi yonida mashg‘ulotlar davomida mukofot sifatida ishlatiladigan sabzi va olma kabi ozuqalarni olib yurgan. Ayiq ozuqa hidini sezib, aynan shu mahsulotlarni yeyish maqsadida o‘rgatuvchiga hujum qilgan bo‘lishi mumkin.
Hodisadan keyin park rahbariyati ayiqning sahna ko‘rsatuvlaridagi ishtirokini vaqtinchalik to‘xtatib turishga qaror qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.