
Rossiya Federatsiyasi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Donbass hududida ehtimoliy yon berishlar masalasi bo‘yicha umumxalq ovoz berishini (referendum) o‘tkazish haqidagi taklifini rad etdi. RF prezidenti Vladimir Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov 12 dekabr, juma kuni "Interfaks" nashriga bergan intervyusida qat’iy pozitsiyani bildirdi.
Donbass – Rossiya hududi?
Kreml vakilining bayonotiga ko‘ra, Rossiya uchun Donbass masalasi muhokama qilinmaydi:
Yuriy Ushakov: “Bu hudud Rossiya Federatsiyasining hududidir va u bizning ma’muriyatlarimiz boshqaruvi ostida bo‘ladi. Erta yoki kech. Agar muzokara yo‘li bilan bo‘lmasa, harbiy yo‘l bilan bu hudud Rossiya Federatsiyasining to‘liq nazoratiga o‘tadi”.
Avvalroq, Dpa agentligi eslatishicha, Rossiya xalqaro huquq me’yorlarini buzgan holda Donbass (Donesk va Luhansk viloyatlari) hamda Xerson va Zaporijjya viloyatlarini konstitutsiyani o‘zgartirish yo‘li bilan o‘z tarkibiga noqonuniy qo‘shib olgan edi.
Zelenskiy esa bir kun avval hududiy masalalarni faqat Ukraina xalqi (jumladan, referendum orqali) hal qilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Tinchlik rejasining "nomaqbul" versiyasi
Yuriy Ushakov "Kommersant"ga bergan intervyusida, Zelenskiyning harakatlaridan asosiy maqsad AQSH bilan muhokama qilinayotgan tinchlik rejasiga Rossiya uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan qoidalarni kiritish ekanini da’vo qildi.
Ushakovning aytishicha, Rossiya Yevropa davlatlari rahbarlari bilan muhokama qilinayotgan yangi hujjatlarni hali ko‘rmagan. Biroq u tinchlik rejasining yangi versiyasi Rossiya uchun avvalgisidan ham yomonroq va qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib chiqishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
U yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatish uchun Ukraina Donbassdan o‘z qo‘shinlarini chiqarishi kerakligi haqidagi Kreml pozitsiyasini tasdiqladi.
Demilitarizatsiya "hiylasi"
RF prezidenti yordamchisidan birinchi marta rasmiy bayonot yangradi: Rossiya Donbassda demilitarizatsiya qilingan hudud yaratishga yo‘l qo‘yishi mumkin, ammo o‘z boshqaruvi ostida.
Ushakov: “Juda ehtimol, u yerda bevosita qo‘shinlar bo‘lmaydi — na Rossiyadan, na Ukrainadan. Ha, lekin Rosgvardiya bo‘ladi, bizning politsiya bo‘ladi, tartibni saqlash va yashash uchun kerak bo‘lgan hamma narsa bo‘ladi”.
Biroq, siyosatshunos Pavel Chijovning ta’kidlashicha, bu shunchaki “og‘zaki hiyla”dir.
Chijov: "Rosgvardiya — xuddi o‘sha qurolli kuchlar, faqat ular Mudofaa vazirligiga bo‘ysunmaydi xolos. Ular, masalan, Kiyev yaqinida bo‘lgan: OMON bo‘linmalari, mashhur chechen batalonlari... Demak, aslida bular ham Rossiya tomonidan agressiv urushning xuddi o‘sha ishtirokchilari va ularning boshqa idoraga qarashli bo‘lishi mutlaqo hech narsani o‘zgartirmaydi”.
Prezident Putin esa bir kun avval Donbassda Rossiya hujumi yangi muvaffaqiyatlarga erishganini aytgan va Moskvaning asosiy vazifasi — mintaqaning Rossiya tomonidan hali egallanmagan hududlaridan ukrain qo‘shinlarini siqib chiqarish ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.