
Ukraina rahbariyati AQSH tomonidan taklif etilgan tinchlik tashabbusini qabul qilishdan qat’iy bosh tortdi. The New York Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev Vashingtonga taqdim etgan yangilangan hujjatda ikki asosiy masalada hech qanday yon berishga tayyor emasligini ochiq bildirgan. Gap Ukraina qo‘shinlarini Donesk viloyatidan olib chiqish va NATOga qo‘shilish yo‘lidan voz kechish haqida bormoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, ushbu “tinchlik rejasi” Yevropa davlatlari – London, Parij va Berlin bilan o‘tkazilgan bir qator maslahatlashuvlardan so‘ng shakllantirilgan. Hujjat mazmuni besh nafar amaldagi va sobiq g‘arblik amaldorlarga tanish. Ularga ko‘ra, Kiyev muzokara jarayonida o‘zining “qizil chiziqlari” deb hisoblagan barcha bandlarni ataylab hujjatdan chiqarib tashlagan.
Yevropaning ikki yuqori martabali mulozimi va AQSHning sobiq rasmiy vakili tushuntirishicha, yangilangan variantda Ukraina ilgari tortishuvli bo‘lgan sharqiy hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish prinsipini qat’iy mustahkamlagan. Shuningdek, Kiyevning NATOga qo‘shilishdan voz kechishi haqidagi talab ham hujjatdan butunlay olib tashlangan.
Shu bilan birga, Fransiyaning Le Monde nashri avvalroq Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixail Podolyakka tayanib, Kiyev Donesk viloyatidan qo‘shinlarni olib chiqish ehtimolini ko‘rib chiqishi mumkinligini, ammo bu faqat Rossiya qo‘shinlari front chizig‘idan simmetrik ravishda chekinishi sharti bilan amalga oshishini yozgan edi.
Ammo amalda vaziyat butunlay boshqacha tus olmoqda. So‘nggi kunlarda Ukraina Rossiya hududlariga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali yirik zarbalar berishni kuchaytirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari Rossiya tomonga 400 dan ortiq dron uchirilgan.
Tver shahrida dron turar joy binosiga zarar yetkazib, jabrlanganlar borligi qayd etildi. 13-dekabr kuni Saratov va Engels shaharlariga ham hujumlar uyushtirildi, qurbonlar bor. Shu bilan birga, Qora dengizda Ukraina dengiz dronlarining tankerlarga qarshi hujumlari davom etmoqda.
Harbiy tahlilchi, “Natsionalnaya oborona” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko bu jarayonlarni siyosiy fon bilan bevosita bog‘laydi. Uning aytishicha, hafta boshida Zelenskiy Londonda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan uchrashib, Tramp tomonidan taklif qilingan 28 banddan iborat tinchlik rejasini qayta ko‘rib chiqqan.
Ekspert fikriga ko‘ra, Yevropa va Kiyev ushbu rejani tubdan o‘zgartirishga harakat qilgan va shu orqali uni amalda ishlamaydigan holga keltirgan. Korotchenkoning ta’kidlashicha, Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy hujumlar aynan shu siyosiy jarayonlar bilan sinxron ravishda olib borilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qora dengizdagi tankerlarga hujumlar va infratuzilmaga zarbalar Kiyevning Tramp rejasiga ochiq qarshi chiqishi sifatida baholanishi mumkin. Ekspert Moskva tomonidan qat’iy javob zarurligini ta’kidlab, raqib faqat aniq va keskin kuchni tushunishini bildirdi.
Korotchenko fikricha, Ukraina portlari va energetika tizimiga zarbalar berish eng ta’sirli chora bo‘lar edi. Uning ta’biri bilan aytganda, “chiroqsiz qolgan rejim uzoqqa bormaydi”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.