
Tailand va Kambodja o‘rtasida bir haftadan ko‘proq vaqt avval boshlangan jangovar to‘qnashuvlar 14 dekabr, yakshanba kuni ham tinchimadi. AQSH prezidenti Donald Trampning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotlariga qaramay, tomonlar bir-birini hududlarni o‘qqa tutishda ayblashni davom ettirmoqda.
O‘zaro ayblovlar va hujumlar
Tailand Mudofaa vazirligi matbuot kotibining xabar berishicha, Kambodja qirollikning bir qator chegaradosh viloyatlarini o‘qqa tutgan va bombardimon qilgan. O‘z navbatida, Kambodja Mudofaa vazirligi ham yarim tundan keyin Tailand ushbu davlat hududini minomyot snaryadlari va bombalar bilan o‘qqa tutganini ma’lum qilgan.
Jangovar harakatlar kuchaygani sababli, Kambodja bilan chegaradosh Tailandning qator viloyatlarida kechki soat 19:00 dan ertalabki 05:00 gacha komendantlik soati joriy etildi. Bundan bir kun avval Kambodja Tailand bilan chegaradan o‘tish punktlarini yopgan edi.
Trampning muvaffaqiyatsiz vositachiligi
12 dekabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodja bosh vazirlari — Anutxin Chanvirakun va Xun Manet bilan telefon orqali muzokara o‘tkazgan. Shundan so‘ng u har ikki mamlakat o‘sha kunning o‘zi — 12-dekabrdan boshlab barcha jang harakatlarini to‘xtatishga kelishib olganini e’lon qilgan.
Biroq, suhbat yakunlari bo‘yicha berilgan rasmiy bayonotlarda na Anutxin, na Xun bunday kelishuv haqida tilga olmagan.
Tailand bosh vaziri esa otashkesim bo‘yicha kelishuv mavjudligini ochiq rad etgan.
Anutxin Chanvirakun (Facebook): “Tailand mamlakatimiz va aholimiz uchun tahdid va xavf yo‘qolganini his qilmaguncha, harbiy harakatlarni davom ettiradi”.
Kambodja hukumati rahbari Xun Manet ham Tramp bilan suhbatni eslab, mamlakati oktyabr oyida Kuala-Lumpurda imzolangan kelishuv asosida tinch yechim izlashda davom etayotganini bildirgan.
Qurbonlar va tarix
O‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan chegara bo‘yicha bahs bilan bog‘liq bu qarama-qarshilikning navbatdagi kuchayishi 8-dekabr, dushanba kuni boshlangan edi. Janglarda tomonlar raketa va artilleriyadan foydalanmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 14 dekabr holatiga kelib har ikki tomondan kamida 25 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 14 nafar tailandlik harbiy va 11 nafar kambodjalik tinch aholi vakili bor.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyidagi avvalgi keskinlashuvdan so‘ng (o‘shanda 5 kunlik jangda 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgan) AQSH vositachiligida otashkesimga erishilgan. Biroq, Tailand noyabrda chegarada mina portlashi oqibatida ikki askari halok bo‘lganini ro‘kach qilib, Kambodjani kelishuvni buzishda ayblagan va harakatlardan chekingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.