
Hindistonning Madxya-Pradesh shtatida yashovchi ikki do‘st — Satish Xatik va Sajid Muhammad kutilmagan omadga duch keldi. Ular ijaraga olingan yer uchastkasidan 15,34 karatli olmos topib oldi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Topilma shahar rasmiy olmos baholovchisi tomonidan tekshirilib, uning yuqori sifatli qimmatbaho tosh ekani tasdiqlandi. Baholovchi Anupam Singxning so‘zlariga ko‘ra, olmosning taxminiy bozor qiymati 5–6 million rupiy, ya’ni 55–66 ming AQSH dollari atrofida. Qimmatbaho tosh yaqin kunlarda kimoshdi savdosiga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Qiziqarli jihati shundaki, yoshlar bu katta topilmani hashamat yoki biznes bilan bog‘lamoqchi emas. Ularning aytishicha, hozirgi asosiy maqsad — opa-singillarini turmushga berish va oilaga yordam ko‘rsatish.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 yoshli Satish Xatik go‘sht do‘konida ishlaydi, 23 yoshli Sajid Muhammad esa meva savdosi bilan shug‘ullanadi. Ikkalasi ham kambag‘al oiladan chiqqan, bolalikdan do‘st va oila ichidagi kenja farzandlar hisoblanadi.
Olmos topilgan Panna tumani aholisi orasida qimmatbaho tosh izlash qadimdan davom etib keladi. Biroq bu hudud Hindistonning eng kam rivojlangan mintaqalaridan biri bo‘lib, qashshoqlik, suv tanqisligi va ishsizlik muammolari mavjud.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.