
Fransiyaning Bezanson shahri sudi jamiyatni larzaga solgan ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqardi. 12 nafar bemorning o‘limi va yana 30 kishining zaharlanishida ayblangan sobiq anesteziolog Frederik Peshe umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda France 24 nashri xabar berdi.
Sud materiallariga ko‘ra, 53 yoshli Frederik Peshe qariyb o‘n yil davomida — 2008 yildan 2017 yilgacha tibbiy amaliyot vaqtida bemorlarga qasddan zaharli moddalar qo‘shgan. U tomchilar tarkibiga yurak to‘xtashi yoki kuchli qon ketishiga olib keluvchi moddalarni aralashtirgan. Oqibatda 12 nafar bemor vafot etgan, yana o‘nlab insonlar og‘ir holatga tushgan.
Eng dahshatlisi, Peshening eng yosh qurboni atigi to‘rt yoshda bo‘lgan. 2016 yilda bodomsimon bezlarni olib tashlash uchun qilingan oddiy operatsiya chog‘ida bolada ikki marta yurak to‘xtashi yuz bergan. Eng katta jabrlanuvchi esa 89 yoshda bo‘lgan. Fransiya ommaviy axborot vositalari ushbu ishdan so‘ng Peshe haqida «Doktor o‘lim» degan laqabni ishlatishni boshladi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Peshe ayrim hamkasblari bilan kelishmovchilikka borganidan so‘ng aynan ularning bemorlariga qasd qilgan. Ayrim holatlarda u vaziyatni o‘z foydasiga burish maqsadida zaharlangan bemorlarni reanimatsiya qilishda ishtirok etib, o‘zini «qutqaruvchi» sifatida ko‘rsatishga uringan.
Sobiq anesteziolog esa tergov davomida barcha ayblovlarni inkor etdi. U zaharlanish holatlarini boshqa shifokorlarning tibbiy xatolari bilan bog‘ladi, shuningdek, o‘zi ishlagan klinikalardan birida zaharlovchi shaxs bo‘lganini, ammo bu inson o‘zi emasligini ta’kidladi.
Sud qaroriga asosan, Frederik Peshega umrbod qamoq jazosidan tashqari tibbiyot sohasida faoliyat yuritish ham abadiy taqiqlandi. Shu bilan birga, u hukm ustidan shikoyat kiritish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Bu ish Fransiya jamiyatida tibbiyotga ishonch, shifokor mas’uliyati va nazorat tizimlari haqida keskin bahslarni yanada kuchaytirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.