date

Putin matbuot anjumanida urushdagi vaziyatga oydinlik kiritdi

Putin matbuot anjumanida urushdagi vaziyatga oydinlik kiritdi

Moskva shahrida 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan bevosita aloqa va katta matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Qariyb 4,5 soat davom etgan muloqot chog‘ida davlat rahbari fuqarolar hamda jurnalistlarning ko‘plab savollariga atroflicha javob berdi. Asosiy e’tibor esa Ukrainadagi urush, frontdagi vaziyat va keyingi rejalarga qaratildi.

Prezident ruslar va ukrainlar o‘rtasidagi qurbonlar uchun aybdorlik masalasiga to‘xtalib, Rossiya o‘zini bu fojea uchun javobgar deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mojaro Ukrainada konstitutsiyaga zid qurolli to‘ntarishdan keyin boshlangan. Shu bilan birga, Moskva muzokaralar yo‘li bilan urushni yakunlashga tayyor ekanini bildirdi. Biroq tashabbus, Putin ta’biri bilan aytganda, Kiyev rahbariyati va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan yevropalik hamkorlar qo‘lida.

Urushdagi tashabbus haqida gapirar ekan, Rossiya rahbari Kursk yo‘nalishida dushman quvib chiqarilgandan so‘ng strategik ustunlik to‘liq Rossiya Qurolli Kuchlari tomoniga o‘tganini aytdi. Bu esa butun jangovar aloqa chizig‘i bo‘ylab qo‘shinlar oldinga siljib borayotganini anglatadi. Ayrim hududlarda harakat tez, boshqalarida esa ehtiyotkorlik bilan olib borilayotgan bo‘lsa-da, barcha yo‘nalishlarda raqib chekinmoqda.

Frontdagi umumiy vaziyatni izohlar ekan, Putin Seversk aholi punktining egallanishi muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi. Ushbu nuqtadan Slavyansk tomon harakat qilish uchun imkoniyatlar ochilmoqda. Shuningdek, Krasniy Liman shahri yaqin orada to‘liq nazoratga olinishi kutilmoqda, ayni paytda uning qariyb yarmi Rossiya qo‘shinlari qo‘lida. Krasnoarmeyskning egallanishi esa keyingi hujum operatsiyalari uchun muhim tayanch nuqta sifatida baholandi.

Kupyansk mavzusiga alohida to‘xtalib, Putin shahar bir necha hafta oldin Rossiya nazoratiga o‘tganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda 15 batalyondan iborat, taxminan 3500 nafar askar qurshovda qolgan. Ularga qurolni topshirish buyrug‘i berilmagan va amalda qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlari deyarli qolmagan.

Shuningdek, Ukraina Qurolli Kuchlarining yo‘qotishlari haqida gapirib, prezident Rossiya qo‘shinlarining faol harakatlari natijasida raqib strategik zaxiralardan ayrilganini ta’kidladi. Bu holat, uning fikricha, Kiyevni mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga undashi lozim bo‘lgan muhim omil hisoblanadi.

Qisqasi, Putinning bu galgi chiqishi urushdagi vaziyat, frontdagi o‘zgarishlar va Moskva pozitsiyasini ochiq-oydin ifoda etishi bilan e’tiborni tortdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Putin matbuot anjumanida urushdagi vaziyatga oydinlik kiritdi