
Moskva shahrida 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan bevosita aloqa va katta matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Qariyb 4,5 soat davom etgan ochiq muloqot davomida davlat rahbari fuqarolar hamda jurnalistlarning savollariga javob berib, xavfsizlik, urush, tinchlik va jamiyatga oid qator mavzularga to‘xtalib o‘tdi.
Frontda dronlardan foydalanish masalasini izohlar ekan, Putin Rossiya tomonida raqibdagi «Baba Yaga» kabi ayrim og‘ir dronlar kam ekanini tan oldi. Shu bilan birga, u umumiy hisobda dronlar soni va ulardan foydalanish ko‘lami bo‘yicha Rossiya qo‘shinlari frontning deyarli barcha yo‘nalishlarida ustun ekanini ta’kidladi.
Qurolli Kuchlarning shaxsiy tarkibi haqida gapirib, prezident harbiy xizmatga jalb etish jarayoni rejaga muvofiq va yaxshi sur’atlarda ketayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma asosida xizmat qilishni xohlayotgan ko‘ngillilar soni ko‘p. O‘tgan yili 400 mingdan ortiq fuqaro shartnoma imzolagan. Ayniqsa, yangi tashkil etilgan harbiy dron bo‘linmalariga qiziqish yuqori bo‘lib, Mudofaa vazirligi hatto tanlov o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Qiziq tomoni shundaki, ko‘plab yoshlar, jumladan talabalar ham ta’til paytida frontga borib, asosan dron operatori sifatida xizmat qilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar esa ularga buni masofadan turib ham amalga oshirish imkonini bermoqda.
Moskva bo‘ylab «maxfiy» harakatlanishi haqidagi savolga javob bergan Putin, u doim yashirin tarzda mashina haydamasligini, faqat ayrim hollarda yo‘l politsiyasi kuzatuvisiz harakatlanishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu safarlar befoyda emas — u shu orqali shahar hayotini, ko‘chalarni va muhitni kuzatadi.
Tinchlik mavzusida prezident Rossiya kelgusi yilda harbiy mojarolarsiz, osuda hayot kechirishni istashini bildirdi. Moskva barcha nizolarni muzokaralar orqali hal qilish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Kaliningrad viloyati ehtimoliy blokadasi haqida so‘ralganda esa Putin keskin ogohlantirish berdi. Uning aytishicha, bunday ssenariy amalga oshishiga umid qilmaydi, ammo agar tahdid yuzaga kelsa, javob qattiq bo‘ladi. Bunday harakatlar mojaroni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvga sabab bo‘lishi mumkin.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte haqida gapirib, Putin uni aqlli va tajribali siyosatchi deb atadi, biroq Rossiya bilan urush mavzusidagi bayonotlarini tushunarsiz deb baholadi. U AQSH NATOning asosiy o‘yinchisi ekanini eslatib, agar Vashington Rossiyani dushman sifatida ko‘rmasa, alyansni urushga tayyorlash qanchalik asosli ekaniga shubha bildirdi.
Kelajakdagi urushlar haqida Putinning fikri aniq: agar tomonlar o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olsa, hech qanday urush bo‘lmaydi. Yevropaga ehtimoliy hujum haqidagi gaplarni esa u ochiqdan-ochiq bema’nilik deb atadi.
Anjumanda ma’naviyat mavzusi ham ko‘tarildi. Putin Xudo yagona ekanini, odamlarning turli cherkovlarga bo‘linishi esa insonlarning o‘z tanlovi ekanini aytdi. Shuningdek, u okkultizm, shaytonizm va sehrgarlik xizmatlarini keskin tanqid qilib, bunday holatlar odamlarni chalg‘itishi va jamiyatga jiddiy zarar yetkazishini ta’kidladi.
Xulosa qilib aytganda, Putinning bu galgi chiqishi xavfsizlikdan tortib ma’naviyatgacha bo‘lgan keng mavzularni qamrab oldi va Rossiyaning ichki hamda tashqi siyosatdagi pozitsiyasini yana bir bor ochiq namoyon qildi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.