
Kaliforniya universitetining Riversayd kampusida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilar global isish nega kutilmagan tarzda muzlik davriga olib kelishi mumkinligini ilmiy jihatdan izohlab berdi. Olimlar Yerdagi uglerod aylanish tizimida ilgari yetarlicha hisobga olinmagan muhim bo‘g‘inni aniqlagan. Aynan shu omil qadimgi muzlik davrlar nega juda keskin va og‘ir kechganini tushuntirib beradi. Tadqiqot natijalari “Science” jurnalida chop etildi.
Avvalroq olimlar iqlim asosan tog‘ jinslarining tabiiy yemirilishi orqali barqarorlashib turadi, deb hisoblab kelgan. Yomg‘ir atmosferadagi karbonat angidridni o‘ziga singdirib, quruqlikka tushadi, suv silikat jinslarni yemirib, ular bilan bog‘langan CO₂ ni okeanlarga olib boradi. U yerda uglerod kalsiy bilan birikib, chig‘anoqlar va ohaktosh qatlamlari hosil qiladi hamda millionlab yillar davomida saqlanib qoladi. Bu jarayon atmosferadagi CO₂ miqdorini asta-sekin kamaytiradi.
Geolog Endi Rijvellning ta’kidlashicha, sayyora issiqlashgan sari bu jarayon tezlashadi va ko‘proq uglerod yutiladi, natijada Yer qayta soviy boshlaydi. Ilgarigicha qarashlarda bu tizim iqlimni silliq tarzda barqaror ushlab turadi, deb baholangan. Ammo geologik dalillar ayrim muzlik davrlar deyarli butun Yerni muz va qor bilan qoplaganini ko‘rsatadi. Bunday holatni faqat “yumshoq” tartibga solish mexanizmi bilan izohlab bo‘lmaydi.
Tadqiqotchilar okeanda uglerod ko‘milishini kuchaytiradigan qo‘shimcha jarayonni aniqladi. Harorat oshganda, yog‘ingarchilik okeanga fosfor kabi oziqlantiruvchi moddalarni ko‘proq olib keladi. Bu esa fotosintez orqali CO₂ ni yutadigan planktonlarning keskin ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Plankton nobud bo‘lgach, okean tubiga cho‘kib, o‘zi bilan birga katta miqdorda uglerodni ham olib ketadi.
Issiq sharoitda ushbu tizim yanada murakkab tus oladi. Planktonning ortiqcha o‘sishi okeanda kislorodni kamaytiradi. Kislorod yetishmasligi fosforning cho‘kib qolish o‘rniga yana suvga qaytib chiqishiga olib keladi. Bu esa yangi plankton o‘sishini rag‘batlantiradi va aylanma jarayon kuchayadi. Oqibatda juda katta hajmda uglerod ko‘milib, global harorat keskin pasayishi mumkin.
Rijvell bu holatni konditsioner tizimiga qiyoslaydi: u odatda haroratni barqarorlashtiradi, ammo ayrim vaziyatlarda keskin sovitishga olib kelishi mumkin. Kompyuter modellari ham ushbu teskari aloqa muzlik davrini boshlash uchun yetarlicha kuchli ekanini ko‘rsatgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, qadimgi davrlarda atmosferada kislorod miqdori past bo‘lgani tufayli iqlim tizimi juda barqaror ishlagan. Hozir esa kislorod darajasi ancha yuqori, shu bois kelajakdagi sovish jarayonlari o‘sha davrlardagidek o‘ta keskin bo‘lmasligi mumkin. Shunga qaramay, bu mexanizm keyingi muzlik davrining boshlanishini tezlashtirishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar eslatishicha, bu fakt insonlarni xotirjam qilmasligi kerak. Chunki keyingi muzlik davri yuz ming yillardan keyin boshlanishi mumkin, ammo hozirgi global isish esa aynan bugungi avlod uchun eng katta muammo bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.