
Xitoyda haydovchi kruiz-nazorat tizimidagi jiddiy nosozlik tufayli o‘z avtomobilining go‘yo “asiriga” aylandi. Mashina soatiga 115 kilometr tezlikda deyarli to‘xtovsiz harakatlanib, 490 kilometr masofani bosib o‘tdi va haydovchi uni to‘rt soat davomida to‘xtata olmadi. Tormoz tizimi tezlikni pasaytirishga qaratilgan barcha urinishlarga javob bermagan. Bu haqda Shine nashri xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa Lanchjou – Xaykou tezkor avtomagistralida ro‘y bergan. Yo‘l patrul xizmati nosoz transport vositasini kuzatib borib, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lni qisman bo‘shatgan. Avtomobil faqat yonilg‘i to‘liq tugagandan keyingina to‘xtagan.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u tormozni bosish, uzatmani neytral holatga o‘tkazish, qo‘l tormozidan foydalanish hamda kruiz-nazoratni o‘chirishga bir necha bor urinib ko‘rgan, ammo barcha harakatlar samara bermagan. Natijada u soatlab yuqori tezlikda harakatlanayotgan mashina ichida qolib ketgan.
Voqeadan so‘ng haydovchi avtomobil ishlab chiqaruvchisi bilan kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Kompaniya nomi oshkor etilmagan, ammo unga mashina uchun to‘langan mablag‘ to‘liq qaytarilishi va qo‘shimcha moliyaviy kompensatsiya berilishi tasdiqlangan.
Qisqasi, bu holat zamonaviy texnologiyalar qanchalik qulay bo‘lmasin, texnik nosozlik inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini yana bir bor eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.