date

Apreldan o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ikki barobarga oshiriladi. Qirg‘izistonda!

Apreldan o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ikki barobarga oshiriladi. Qirg‘izistonda!

Sadir Japarov Qirg‘izistonda ta’lim va tibbiyot sohasida ishlaydigan xodimlar uchun kutilgan yangilikni e’lon qildi. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, 2026 yil 1 apreldan boshlab mamlakatda o‘qituvchilar va shifokorlarning ish haqi 100 foizga, ya’ni ikki barobarga oshiriladi. Bu haqda u 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq qurultoyida so‘z yuritdi.

Prezident ta’kidlashicha, o‘qituvchi va shifokorlarga bo‘lgan hurmat kuchli davlat qurishning asosiy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar millat kelajagini tarbiyalaydi, shifokorlar esa inson salomatligi va hayotini asraydi. Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu kasb egalariga nisbatan hurmatsizlik, qo‘pol munosabat va hatto zo‘ravonlik holatlari uchrayotgani jamiyat uchun jiddiy muammo ekanini qayd etdi. Japarov buni madaniyatsizlikning eng yuqori ko‘rinishi deb atab, ikki muqaddas kasbning obro‘-e’tiborini tiklash zarurligini alohida urg‘uladi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha oylik maoshi 26 ming somni (taxminan 3,5 million so‘m) tashkil etadi. 2026 yil 1 apreldan keyin esa bu ko‘rsatkich 52 ming somga (taxminan 7 million so‘m) yetadi. Prezidentning ta’kidlashicha, maosh miqdori o‘qituvchining ma’lumot darajasi, ish staji, malaka toifasi, joylashgan hududi, o‘qitilayotgan fan va haftalik yuklamasiga qarab belgilanadi.

Masalan, shahar maktabida ish boshlayotgan, tajribasiz yosh o‘qituvchining oyligi 1-apreldan boshlab 36 800 somni (5 million so‘m) tashkil etadi. Soliqlar va ijtimoiy to‘lovlardan so‘ng u taxminan 31 200 som (4,2 million so‘m) qo‘liga oladi.

Shifokorlar maoshi ham sezilarli oshiriladi. Hozirda ularning o‘rtacha oyligi 31 500 som (4,3 million so‘m) bo‘lsa, 2026-yil aprelidan bu ko‘rsatkich 62 500 somga (8,6 million so‘m) yetadi. Soliqlardan keyin shifokorlar taxminan 50 ming som (6,9 million so‘m) sof daromad oladi.

Chekka tog‘li hududlarda 30 yillik tajribaga ega, to‘liq ish kunida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali shifokorning oylik maoshi esa 91 700 somga (12,6 million so‘m)gacha yetishi, soliqlardan so‘ng esa taxminan 75 700 somni (10,4 million so‘m) tashkil qilishi aytildi.

Bundan tashqari, kelgusi yil 1 aprelidan boshlab har bir lavozim uchun 5000 som (680 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha prezidentlik kompensatsiyasi joriy etilishi ham ma’lum qilindi. Bu qaror Qirg‘izistonda ta’lim va tibbiyot sohasida ishlovchilarning ijtimoiy maqomini oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Apreldan o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ikki barobarga oshiriladi. Qirg‘izistonda!