Tojikistonda qayd etilgan zilzila O‘zbekistonda ham sezildi

Tojikiston Respublikasi hududida qayd etilgan zilzila O‘zbekistonda ham sezildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, bugun — 9 yanvar kuni soat 02:14 da Tojikistonda zilzila sodir bo‘lgan. Yer qimirlashining epitsentri Toshkentdan 477 km janubi-sharq tomonda joylashgan. Zilzilaning magnitudasi 5,3 ni tashkil etgan, chuqurligi esa 139 km etib qayd qilingan. Epitsentr Tojikistonning Tog‘li Badaxshon hududiga to‘g‘ri keladi. Koordinatalari: 38,39 daraja shimoliy kenglik va 73,37 daraja sharqiy uzunlik.
Mutaxassislar qayd etishicha, O‘zbekiston hududida ushbu zilzilaning sezilish kuchi quyidagicha bo‘lgan:
— Farg‘ona viloyatida 2–3 ball (taxminan 260 km masofada);
— Andijon viloyatida 2 ball (285 km);
— Namangan viloyatida 2 ball (325 km).
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan yer qimirlashi ham O‘zbekiston hududida sezilgani haqida xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!