Yolg‘izlar uchun “O‘ldingmi?” ilovasi tez ommalashdi

Xitoyda nomi ham, g‘oyasi ham diqqat tortgan yangi mobil dastur tez ommalashdi. BBC yozishicha, xitoy tilida 死了么 — “Si Le Me?”, ya’ni “O‘ldingmi?” deb ataluvchi ilova asosan yolg‘iz yashovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Mexanizmi oddiy: foydalanuvchi har ikki kunda bir marta yashil tugmani bosib, tirik ekanini tasdiqlaydi. Agar belgilangan vaqtda bu amal bajarilmasa, dastur favqulodda aloqa uchun ko‘rsatilgan shaxsga xabar berib, nimadir bo‘lishi mumkinligini ogohlantiradi. Ilova o‘tgan yil mayda ishga tushgan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda faol yuklab olina boshladi va Silema eng ko‘p yuklab olinadigan pulli dasturlardan biriga aylandi.
Global Times ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib Xitoyda yolg‘iz yashovchilar 200 millionga yetishi mumkin. Shu auditoriya — oilasidan uzoqdagi ofis xodimlari, talabalar yoki ongli ravishda yolg‘iz hayotni tanlaganlar — dasturning asosiy foydalanuvchilari hisoblanadi.
Biroq nom tanqidga ham uchrayapti: “O‘ldingmi?” iborasi salbiy kayfiyat uyg‘otishi mumkinligi aytilmoqda. Moonscape Technologies kompaniyasi bu fikrlarni inobatga olib, nomni o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirdi. Xalqaro bozorda esa ilova Demumu nomi bilan chiqarilgan va ayrim davlatlarda eng mashhur pulli dasturlar qatoriga kirgan. Hozir dastur pulli: eng arzon versiyasi 8 yuan (taxminan 1,15 dollar).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!