date

Boylik ichida yashagan eng xasis ayol taqdiri qanday kechgan?

Boylik ichida yashagan eng xasis ayol taqdiri qanday kechgan?

Bugun Genrietta “Getti” Grinning hayoti afsonaga o‘xshaydi: milliardlab boylikka ega bo‘la turib, u ovqat, kiyim-kechak va hatto farzandining davolanishida ham haddan tashqari tejamkorlik qilgan. Uoll Stritda moliya dunyosi vakillarini dahshatga solgan sarmoyador, bir vaqtning o‘zida arzon mehmonxonalarda yashagan, yillar davomida bir xil libos kiygan ayol edi. Bejizga uni “Uoll Strit jodugari” deb atashmagan.

Getti Grinning hayoti faqat ochko‘zlik haqida emas, balki pul hokimiyat deb bilingan, tejamkorlik esa fazilat sanalgan davr manzarasidir. U pul topishni mukammal bilgan, ammo uni sarflashni hech qachon o‘rganmagan.

Genrietta Houlend 1834 yilda Nyu-Bedfordda, kit ovlash markazida tug‘ilgan. Oilasi o‘ziga to‘q bo‘lib, uni qattiqqo‘l bobosi tarbiyalagan. Kamtarlik va o‘zini cheklash uning bolaligidan hayot qoidasiga aylangan. Yetti yoshidayoq u moliyaviy yangiliklarni o‘qib, aksiya va obligatsiyalarni farqlay olgan.

1865 yilda otasi vafot etgach, Getti taxminan 7,5 million dollar merosga ega chiqadi. Biroq bu boylik uni saxiy qilmadi, aksincha, xasisligini yanada kuchaytirdi. U faqat uyida tayyorlangan taomlarni yerar, arzon usullar bilan davolanishga ishonar, pul sarflashdan qattiq qochardi. Shu bilan birga, u temir yo‘llar, yer va ko‘chmas mulkka sarmoya kiritib, o‘z davrining eng qattiqqo‘l sudxo‘rlaridan biri sifatida tanildi.

32 yoshida Edvard Gringa turmushga chiqdi, ammo bu nikoh muhabbatdan ko‘ra hisob-kitobga asoslangan edi. Nikoh shartnomasida eri uning boyligiga da’vogar bo‘lolmasligi aniq yozilgan edi. Edvard bankrot bo‘lgach, Getti unga yordam berish o‘rniga uydan haydab chiqaradi.

Ikki farzandi — Ned va Silviya — eng ko‘p xasislik jabrini ko‘rdi. O‘g‘li Nedning oyog‘i jarohatlanganda, Getti davolash uchun pul to‘lashdan bosh tortib, bepul shifoxonalarni qidirgan. Oqibatda vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sabab oyoqni kesib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

Gettining tashqi ko‘rinishi ham afsonaga aylanadi: qora kiyim, sovuq nigoh va qattiq qiyofa. U o‘zini himoya qilish uchun qurol olib yurar, har bir sent uchun tortishar, hatto o‘qilgan gazetalarni qayta sotishga bolasini yuborardi.

1916 yilda, 81 yoshida Getti Grin yurak xurujidan vafot etadi. Uning boyligi o‘sha paytda 200 million dollarga baholangan, bugungi hisobda esa taxminan 4 milliard dollarga teng.

Boylik o‘g‘li Nedga qoladi, u esa pullarni tez sarflab yuboradi. Qizi Silviya esa qolgan merosni xayriya ishlariga yo‘naltiradi. Shunday qilib, “jodugar” jamg‘argan pullar maktablar, shifoxonalar va kutubxonalarga xizmat qiladi.

Getti Grin tarixda moliyaviy daho va xasislik timsoli sifatida qoldi. Uning hayoti bir haqiqatni isbotladi: pul qudrat berishi mumkin, ammo insoniylikni sotib olib bo‘lmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Boylik ichida yashagan eng xasis ayol taqdiri qanday kechgan?