Britaniyalik olimlar 170 million yil avval yashagan yangi timsoh turini aniqladi

Britaniyalik olimlar 170 million yil avval yashagan yangi timsoh turini aniqladi

Britaniyalik olimlar Yerda 170 million yil avval yashagan timsohlarning yangi turini aniqladi. Uning tishlari shu qadar ingichka bo‘lganki, tishkovlagichlarni eslatgan. Shu sababli u asosan mayda baliqlar va boshqa kichik suv jonivorlari bilan oziqlangan. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Yangi turga Ctenosuchus tenuidens nomi berilgan. Kashfiyot Buyuk Britaniyadagi Portsmut universiteti va Marokashning Hasan II universiteti tadqiqotchilari tomonidan amalga oshirilgan.

Qadimgi sudralib yuruvchining qazilma qoldiqlari hozirgi Marokashning janubi-sharqiy qismidagi Atlas tog‘laridan topilgan. Olimlar tishlarni mikroskop yordamida o‘rganib, ularda bir-biriga yaqin joylashgan maxsus qirralarni aniqlagan. Bu tuzilish hayvonning oziqlanish usuli o‘ziga xos bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, u mayda baliqlar, qisqichbaqasimonlar va boshqa suv organizmlari bilan oziqlangan. Uning jag‘ va tish tuzilishi yura davrida yashagan ayrim pterozavrlarnikiga ham o‘xshash bo‘lgan. Bu hayvonlar suvdagi mayda organizmlarni ajratib olib oziqlangan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, tarixdan oldingi hayvonlarning turli guruhlari bir-biridan mustaqil ravishda o‘xshash oziqlanish usullariga moslashgan. Topilma, shuningdek, qadimgi timsohlarning qarindoshlari ilgari o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq muhitlarda yashagani va turli oziqlanish usullariga ega bo‘lganini anglashga yordam beradi.

Suvda ko‘zlari yumilgan holda turgan timsohning yon tomondan ko‘rinishi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar