Shavkat Mirziyoyev va ETTB rahbari temir yoʻllarni raqamlashtirish bo‘yicha kelishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar strategik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston bankning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkori maqomini mustahkamlaganini qayd etdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Uchrashuvda ETTBning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi deyarli 7 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi. Bankning faolligi ham oshib bormoqda: 2025 yil yakunlariga ko‘ra, operatsiyalar hajmi 1 milliard dollardan ortdi. Mablag‘larning salmoqli qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilib, tadbirkorlik rivojiga turtki bo‘lgani aytildi.
Prezident bankning mamlakatdagi asosiy islohotlarga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Xususan, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “yashil” energetika dasturlarini ilgari surish hamda moliya bozorini chuqur isloh etish yo‘nalishlarida hamkorlik natijalari qayd etildi. ETTB ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va biznesni moliyalashtirishda muhim hamkor sifatida qolayotgani bildirildi.
Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Ular qatorida xususiy sektorni yanada rivojlantirish va biznes muhitini yaxshilash, hududiy infratuzilmani yangilash, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish (“aqlli temir yo‘llar” loyihasi), shuningdek innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash bor.
Muzokaralarda ijtimoiy kapital masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish dasturlarini davom ettirishga kelishib oldi. Bu tashabbuslar ularni raqamli iqtisodiyotga moslashtirish, ayol tadbirkorlarning zamonaviy biznes yuritish ko‘nikmalarini kuchaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2026 yilda yangi yuqori texnologiyali loyihalar amaliy bosqichga o‘tishi O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiy yetakchilik pozitsiyalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Davosdagi tashrif doirasida BlackRock kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan ham uchrashib, dunyodagi eng yirik investfondning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirish mexanizmlarini muhokama qilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!