date

Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralar boshlandi: asosiy mavzu hududlar

Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralar boshlandi: asosiy mavzu hududlar

Abu-Dabida 4-fevral, chorshanba kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga barham berish masalasiga bag‘ishlangan Rossiya, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi. Ma’lum qilinishicha, maslahatlashuvlar 5 fevral kuni ham davom ettiriladi.

Muzokaralar yopiq formatda kechayotgani sabab jamoatchilikka barcha tafsilotlar ochiqlanmayapti. Shunga qaramay, Axios nashri bilan suhbatlashgan (ismi aytilmagan) ukrainalik amaldor muhokamalarni samarali, mazmunli kechdi, deb baholagan.

Delegatsiyalar tarkibi ham diqqatga sazovor. Rossiya tomonidan uchrashuvlarda delegatsiyaga Bosh shtab Bosh boshqarmasi rahbari admiral Igor Kostyukov boshchilik qilmoqda. Ukraina delegatsiyasi rahbari sifatida MXMK kotibi Rustem Umerov ishtirok etyapti. AQSH tomonidan esa AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSH armiyasi vaziri Deniyel Driskoll muzokaralar stolida ekani aytilmoqda.

Muhokamalarning asosiy “tuguni” esa hududiy masala bo‘lib qolmoqda. Politico nashri ukrainalik va amerikalik amaldorlarga tayanib, aynan hududlar masalasi muzokaralarning markaziy mavzusi ekanini xabar qilgan.

E’tiborli jihati, Abu-Dabida Moskva va Kiyev vakillari AQSH taklif etgan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga nuqta qo‘yish rejasi yuzasidan 23 va 24 yanvar kunlari ham ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazgani aytilmoqda. Muzokaralarga yaqin manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar ayrim bandlar bo‘yicha ma’lum darajada kelishuvga yaqinlashgan, ammo hududlar bo‘yicha murosaga kelolmagan.

Birinchi raund yakunlariga ko‘ra, AQSH davlat kotibi Marko Rubio hal bo‘lmay qolayotgan yagona masala Donbass ekanini tasdiqlagani qayd etilmoqda. Rossiya Donbassdan ukrain qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilmoqda, Kiyev esa bu talabni rad etmoqda.

Ma’lumot uchun, Donbass Ukraina hududining bir qismi hisoblanadi, biroq uning ayrim hududlari hozirda Rossiya qo‘shinlari nazoratida. Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hududlar masalasi faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuvda hal qilinishi mumkinligini aytgan.

Qisqasi, Abu-Dabidagi muzokaralar “so‘nggi nuqta” emas, balki katta siyosiy jarayonning yangi bosqichi sifatida ko‘rilmoqda. Birinchi kun “samarali” deb baholangan bo‘lsa-da, asosiy sinov hali oldinda: hududlar masalasida tomonlar qanchalik yaqinlasha oladi — endi eng katta intriga shu.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralar boshlandi: asosiy mavzu hududlar