date

Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi Abu-Dabi muzokaralari yakunlandi

Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi Abu-Dabi muzokaralari yakunlandi

4–5-fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Rossiya, Ukraina va AQSH delegatsiyalari ishtirokida uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yopiq formatda o‘tkazildi va muhokamalar asosan urushni to‘xtatishga olib borishi mumkin bo‘lgan mexanizmlar hamda keyingi qadamlar atrofida aylandi.

Tomonlarning tarkibi ham e’tiborli bo‘ldi. AQSH delegatsiyasida prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSH armiyasi vaziri Deniyel Driskoll ishtirok etdi. Ukraina delegatsiyasiga MXMK kotibi Rustem Umerov rahbarlik qildi. Rossiya tomonidan esa delegatsiyaga RF qurolli kuchlari bosh shtabi bosh boshqarmasi rahbari, admiral Igor Kostyukov boshchilik qildi.

Eng muhim jihat — muzokaralar yakunlari bo‘yicha har bir tomon o‘z bayonotini berdi va ulardan umumiy manzara asta-sekin shakllanyapti: kelishuvga yaqinlashish bor, lekin hal qiluvchi masalalar hali ham qattiq bahsli.

AQSH nima dedi?

Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoffning qisqa, ammo mazmunli bayonotiga ko‘ra, delegatsiyalar ochiq qolgan masalalarni ko‘targan. Ular orasida otashkesim va harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazorat qilish imkonini beradigan monitoring usullari ham bor.

Eng katta signallardan biri — muzokaralar yaqin haftalarda ham davom etishi aytildi. Qolaversa, Rossiya va Ukraina besh oy ichida ilk marta harbiy asirlar almashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olgani qayd etildi: 157 nafarga 157 nafar formatida.

Uitkoff bayonotida yana bir muhim nuqta bor: AQSH Rossiya harbiylari bilan uzilib qolgan yuqori darajadagi aloqalarni qayta tiklash masalasini ham kelishuv sifatida tilga oldi. Bu esa keyingi bosqichlarda muloqot “kanallari” ochiqroq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Ukraina pozitsiyasi qanday?

Prezident Volodimir Zelenskiy esa Ukraina muzokarachilar guruhi ikki kun davomida AQSH va Rossiya bilan gaplashganini aytdi. U to‘liq hisobotni kutayotganini, telefon orqali barchasini muhokama qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, Zelenskiy yaqin kunlarda navbatdagi uchrashuvlar bo‘lishi rejalashtirilayotganini aytdi va ular Amerikada o‘tishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Ukraina bayonotida asosiy urg‘u bir narsaga qaratildi: tinchlik shunday yakunlanishi kerakki, Rossiya tajovuzi uchun “mukofotlanmasin”. Kiyev buni haqiqiy xavfsizlikni ta’minlaydigan asosiy tamoyil sifatida ko‘ryapti. Ya’ni tinchlik faqat to‘xtash emas, keyingi xavflarni yo‘qotadigan yechim bo‘lishi shart, degan fikr ilgari surildi.

Rossiya rasmiy fikri

Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bayonotida esa boshqa rakurs ko‘rindi. U Yevropadagi va Buyuk Britaniyadagi “urush qo‘zg‘atuvchilar” muzokaralarga xalaqit qilishga, jarayonga aralashishga urinayotganini ta’kidladi.

Dmitriyevning fikricha, bunday urinishlar qancha ko‘paysa, muzokaralarda shuncha ko‘p ijobiy harakat va taraqqiyot borligini “ko‘rsatadi”. Shu bilan birga, u iqtisodiy yo‘nalishda Rossiya va AQSH o‘rtasida munosabatlarni tiklash bo‘yicha faol ishlar ketyapti, deya urg‘u berdi.

Rossiya norasmiy manbalari nima deydi?

TASS davlat agentligi va uning manbalari esa muhokama qilingan mavzularni kengroq ochib berdi: iqtisodiy jihatlar, hududiy masala, o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmi.

Manbalarga ko‘ra, Rossiya Donbass masalasini asosiy kelishuvning bir qismi sifatida ko‘rayapti va barcha davlatlar uni Rossiyaniki deb e’lon qilishi kerakligi haqidagi pozitsiya tilga olingan.

Shuningdek, “tinchlikparvar kuchlar” varianti hamma uchun birday qabul qilinayotgani yo‘qligi aytildi. Unga muqobil tarzda Ukraina uchun xavfsizlik kafolati sifatida ko‘p millatli kuchlarning tezkor reaksiya mexanizmi tilga olingan.

Norasmiy qismda yana bir nuktasi bor: Yevropa bir necha bor jarayonga qo‘shilishga harakat qilgani, ammo hozir muzokaralar stolida yo‘qligi qayd etilgan.

Eng muhimi nima?

Abu-Dabidagi uchrashuvlardan keyin bitta narsa aniqroq ko‘rindi: tomonlar muloqotni uzish niyatida emas, hatto amaliy qadam sifatida asirlar almashuvi bo‘yicha kelishuv ham tilga olindi. Lekin baribir “katta tugun” — hudud, xavfsizlik kafolatlari va o‘t ochishni to‘xtatishning real ishlaydigan mexanizmi — hal bo‘ladigan nuqtada turibdi.

Hozircha muzokaralar “yo‘l xaritasi”ga o‘xshab borayapti: har kim o‘z qizil chizig‘ini saqlayapti, biroq eshikni yopmayapti. Demak, keyingi uchrashuvlar haqiqatan ham “qarorlar bosqichi”ga aylanadimi yoki yana uzoq tortishuvlar davom etadimi — shu savol endilikda hammani qiziqtiryapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi Abu-Dabi muzokaralari yakunlandi