Hillari Klinton Myunxenda Trampni Ukraina uchun qattiq tanqid qildi

Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSH siyosatining Ukrainaga nisbatan yo‘nalishi yana bir bor keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Demokratik partiyadan prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan sobiq nomzod Hillari Klinton ushbu maydonda AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha siyosatini qattiq tanqid qildi.
Klintonning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyatining Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi “sharmandali” va Kiyevni Putin bilan “taslimkor kelishuv”ga majburlashga urinish — tarixiy jihatdan ham, axloqiy jihatdan ham og‘ir xato. U, shuningdek, Putin va Tramp Ukraina xalqi azob-uqubati fonida manfaat izlayotganini ham keskin bayon qildi.
Sobiq davlat kotibi Ukraina bugun faqat o‘z yerlari uchun emas, balki demokratiya, erkinlik va sivilizatsiya qadriyatlari uchun “old chiziq”da kurashayotganini aytdi. Uning fikricha, minglab insonlar yo‘qotilayotgan paytda bu og‘riqni tushunmaslik yoki beparvo qarash — juda xavfli signal.
Klinton tanqidini yanada kuchaytirib, Tramp “G‘arb qadriyatlari”ga xiyonat qilgani haqida ham gapirdi: NATO nizomi, Atlantika xartiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini tilga olgan holda, bu prinsiplarni mensimaslik oqibatida jahon tartibi zaiflashishini uqtirdi. Shuningdek, u Tramp o‘z hokimiyat modeli uchun Putin rejimiga suyanayotganini aytib, zaldagilardan hech kim bunday hisobotsiz, jazosiz ish tuta oladigan rejimda yashashni xohlamasligini ta’kidladi.
Bu chiqishning asosiy “nervi” shu: agar Ukraina bo‘yicha qarorlar adolat va xavfsizlik hisobidan emas, qulaylik va tezkor “bitim” hisobiga qabul qilinsa, keyingi yillarda Yevropa xavfsizligi ham, transatlantik ishonch ham qattiq silkinishi mumkin. Ya’ni bu mavzuda “hozir biroz yon berib qutulamiz” degan ssenariy keyin kattaroq muammoga aylanib ketishi ehtimoli bor — konferensiyadagi ruh ham aynan shu xavotirni ko‘rsatyapti.