Chelyabinskda pichoq ko‘targan erkak ibodatxonada odamlarga hujum qildi

Chelyabinskda 25 yoshli erkak ibodatxonada ertalabki ibodat paytida ikki ayolni pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda Tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga tayanib, "RBK" xabar bermoqda.
Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan. "Interfaks" xabariga ko‘ra, bir ayol yengil jarohat olgan, ikkinchi jabrlanuvchi operatsiya qilingan.
Hujum Vorovskiy ko‘chasidagi Bibi Maryamning "Kutilmagan quvonch" ikonasi cherkovida sodir bo‘lgan. Baza xabariga ko‘ra, shogird rohiba va ibodatchi ayol jabrlangan.
Erkak hibsga olingan. Tergov qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, u ayollarga "arzimas sabablarga ko‘ra" hujum qilgan.
Huquq-tartibot idoralarining "Intefaks"ga ma’lum qilishicha, hujum qilgan shaxsni ushbu ibodatxonada ishlaydigan onasi xizmatga olib kelgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilgan shaxs psixiatrik ro‘yxatda turadi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi "a," "i" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!