Zelenskiy AQSH vakillariga ishonmasligini Jeneva oldidan aytdi

Ukraina Prezidenti — Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Jenevada Rossiya bilan muzokaralar boshlanishidan oldin AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Jared Kushner unga Moskva haqiqatan ham janglarni to‘xtatishni istayotganini bildirgan. Bu haqda u Axiosga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular ushbu ma’lumotdan kelib chiqib, uch tomonlama uchrashuvda Ukraina delegatsiyasi ishini muvofiqlashtirishni taklif qilgan. Biroq Prezident bu borada pessimistik kayfiyatda ekanini ta’kidlab, o‘zini bunday fikrga ishontirishga urinmasliklarini so‘ragan.
Shuningdek, u Donald Trampning Ukraina muayyan yon berishlarga borishi kerakligi haqidagi bayonotiga izoh berib, bu qaror emas, balki muzokara taktikasi bo‘lishiga umid qilayotganini aytgan.
Prezident ta’kidlashicha, Donbassdan bir tomonlama qo‘shin chiqarish yoki hududlarni Rossiyaga berishni nazarda tutuvchi kelishuv ukrainaliklar tomonidan qabul qilinmaydi. Uning fikricha, bunday qarorni xalq kechirmaydi. Biroq mavjud front chizig‘ida qolishga asoslangan kelishuv referendumda qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
Zelenskiy hududiy masalalarda yechimga erishishning eng samarali yo‘li — Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazish, deb hisoblaydi va jamoasiga Jenevada yetakchilar darajasida uchrashuv tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.
Shu bilan birga, u uchrashuvni Moskva yoki Minskda o‘tkazish taklifini rad etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!