Karachida uch qavatli uy portladi

Pokistonning yirik shahri — Karachida uch qavatli turarjoy uyida yuz bergan kuchli gaz portlashi og‘ir fojiaga olib keldi. Hodisa oqibatida kamida 16 nafar inson halok bo‘ldi. Bu haqda GZT xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, portlash 19 fevral kuni tong soat 04:15 atrofida turarjoy binosining birinchi qavatida sodir bo‘lgan. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar shahar fuqarolik shifoxonasiga olib borilgan.
Politsiya rahbariyati vakili — Jamshid Asherning so‘zlariga ko‘ra, fojiaga binodagi gaz tizimida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga asosan, halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Yana 14 nafar fuqaro turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ayrimlarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Xavfsizlik xizmatlari portlash sabablarini aniqlash uchun gaz sizishi bilan bog‘liq barcha holatlarni tekshirmoqda. Shuningdek, portlash oqibatida yaqin atrofdagi binolar hamda transport vositalariga ham zarar yetgan.
Sind viloyati bosh vaziri — Murod Ali Shoh voqea yuzasidan chuqur qayg‘u izhor etib, fojianing aniq sabablarini o‘rganish uchun keng qamrovli tergov o‘tkazishni buyurdi.
Pokiston Prezidenti — Asif Ali Zardori esa halok bo‘lganlar oilalariga ta’ziya bildirib, kelgusida bunday fojialarning oldini olish maqsadida xavfsizlik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!