Eron zarba xavfiga tayyorlanyapti: Hominaiy rejasi NYTda ochildi

Jahon OAVidagi eng qizg‘in temalardan biri — Eron atrofidagi xavfsizlik ssenariylari. The New York Times manbasiga suyangan xabarlarda aytilishicha, oliy rahnamo Oyatulloh Ali Hominaiy ehtimoliy AQSH yoki Isroil zarbalari fonida “agar eng yomoni bo‘lsa ham davlat tizimi to‘xtab qolmasin” degan logikada harakat qilmoqda. Ya’ni — qaror qabul qilish zanjiri uzilib qolsa yoki yuqori lavozimdagilar yo‘qotilsa, kim, qachon va qanday ish ko‘rishi oldindan belgilab qo‘yilyapti.
Manbada keltirilishicha, Hominaiy har bir yirik harbiy qo‘mondon va siyosiy rahbar uchun bir necha darajali ehtimoliy o‘rinbosarlar tizimini shakllantirishni talab qilgan, shuningdek, aloqa uzilib qolgan holatlarda qaror chiqara oladigan tor doiradagi ishonchli shaxslarga vakolatlarni taqsimlagan. Bu fon ortida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va yuqori lavozimdagi manbalardan iqtiboslar keltiriladi.
Xabarlarda yana bir muhim nuqta bor: Ali Larijani davlat ishlarini boshqarishda markaziy rolga chiqarilgani, u noroziliklar fonidagi choralar, yadroviy muzokaralar diplomatiyasi va mintaqaviy muvofiqlashuvlarda ham faol ko‘rinayotgani ta’kidlanadi (hamkorlar sifatida Rossiya, Qatar va Ummon tilga olinadi). Shu bilan birga, “katta to‘qnashuv ehtimoli muqarrar” degan qarash kuchaygani aytilyapti.
Shu orada Vashingtonda ham mavzuda “hazil yo‘q”. Reuters xabariga ko‘ra, Oq uyda milliy xavfsizlik maslahatchilari Jenevadagi muloqotlardan keyin vaziyatni muhokama qilgan, mintaqada harbiy kuchlar to‘planishi kuchaytirilayotgani hamda Erondan yozma taklif kutilyayotgani aytilgan.
Qisqasi, bu yerda asosiy syujet shunday: bir tomonda — ehtimoliy zarba ssenariysiga “davlat tizimi sinovdan o‘tsin” degan tayyorgarlik, ikkinchi tomonda — diplomatiya va bosim parallel yurib turgan juda qattiq fon. Yaqin kunlarda hamma narsa muzokaralardagi signallar, pozitsiyalar yaqinlashishi yoki umuman uzoqlashishiga qarab tez o‘zgarib ketishi mumkin. Ha, geosiyosat — “nervni yeydigan serial”, lekin final hali yozilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!