Pentagon bayonoti Eron urushi maqsadlari bo‘yicha bahsni kuchaytirdi

AQSH mudofaa idorasi — Pentagon bir necha oylik tanaffusdan so‘ng matbuot uchun brifing o‘tkazib, Eron atrofidagi urushga doir muhim bayonotlar bilan chiqdi. Brifingda AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Vashington zarbalari “rejimni almashtirish” uchun emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyaning asosiy maqsadi Eronning raketa, dengiz va boshqa xavfsizlik infratuzilmasini aniq nishonlar orqali izdan chiqarishdan iborat bo‘lgan. Shu bilan birga, u Eronda rahbariyat almashganini tan olib, buni “dunyo uchun yaxshi natija” sifatida baholagan.
Hegsetning chiqishi oddiy harbiy hisobot emas, balki siyosiy jihatdan ham qattiq bayonot bo‘ldi. U Eron xalqiga mavjud vaziyatdan “foydalanish” va hukmron tuzumni o‘z qo‘li bilan ag‘darishga chaqirdi. Biroq u ayni paytda AQSHning bu kampaniyasi Iroq yoki Afg‘onistondagi kabi “davlat qurish” yoki “demokratiya olib kirish” missiyasi emasligini ham alohida urg‘ulagan. Ya’ni Vashington rasman rejimni o‘zgartirishni maqsad deb atamayotgan bo‘lsa-da, siyosiy natija sifatida Tehrondagi hokimiyatning zaiflashishi yoki o‘zgarishini inkor qilmayapti.
Pentagon rahbari urushni AQSH boshlamaganini ham ta’kidladi. Uning talqiniga ko‘ra, Erondagi amaldagi tuzum 47-yil davomida Amerikaga qarshi bir tomonlama va shafqatsiz kurash olib borgan. Hegset bu da’vosini Bayrutdagi portlashlar, Amerika kemalariga qilingan hujumlar, elchixonalar atrofidagi qotilliklar, shuningdek Iroq va Afg‘onistonda amerikaliklarga qarshi amalga oshirilgan teraktlar bilan izohlagan. Uning fikricha, Vashington bu urushni boshlamagan, ammo Donald Tramp prezidentligi davrida uni yakunlash niyatida.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning bayonotlari ham ushbu ritorikani to‘ldirdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, u Eronga qarshi urushni Isroil uchun “mavjudlikka tahdid”ni bartaraf etishga qaratilgan kurash sifatida ko‘rsatgan. Shu bilan birga, u bu jarayon Erondagi rejim o‘zgarishiga olib kelishi mumkinligini aytgan, ammo buni to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqi kuch bilan emas, ichki siyosiy siljish natijasi sifatida tasvirlagan. Netanyahu, shuningdek, Eron faqat Isroil va AQSHga emas, balki butun mintaqa xalqlariga tahdid solayotganini ta’kidlab, Vashington bilan birgalikda harakat qilayotganini bildirgan.
Qisqasi, hozirgi rasmiy bayonotlardan ko‘rinadiki, AQSH va Isroil omma oldida urushni “rejim almashtirish operatsiyasi” deb atashdan qochmoqda. Ammo har ikki tomonning so‘zlari orasida bir muhim ishora bor: ular Erondagi amaldagi hokimiyat zaiflashishi yoki o‘zgarishini salbiy emas, aksincha, maqbul siyosiy oqibat sifatida ko‘rmoqda. Shu bois bu mojaro endi faqat harbiy emas, balki katta geosiyosiy maqsadlar bilan bog‘liq urush sifatida ham bahslanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!