BAA prezidenti mamlakat urush holatida ekanini ma'lum qildi

Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Muhammad bin Zayd Al Nahayon mamlakat hozirda urush holatida ekanini rasman e'lon qildi. Davlat rahbari Eron hujumlaridan zarar ko'rgan hududlarga tashrifi chog'ida bergan intervyusida o'z xalqiga murojaat qilib, vatan himoyasi eng ustuvor vazifa ekanini qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, amirliklar o'z yaqinlari va hududlarini har qanday tashqi tahdidlardan himoya qilishga majbur.
Prezident o'z nutqida BAA fuqarolari o'z burchini munosib ado etayotganini alohida ta'kidladi. Shuningdek, mamlakatda istiqomat qilayotgan xorijliklar ham davlat himoyasida ekanligi, ular ham mehmon, ham yaqinlar sifatida qabul qilinishi aytildi. Muhammad bin Zayd Al Nahayon BAAning mudofaa salohiyati haqida gapirar ekan, mamlakat oson o'lja emasligini, dushmanlar buni anglab yetishi kerakligini qat'iy ohangda bildirdi.
Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi ortidan BAA hududlari muntazam ravishda Eron tomonidan o'qqa tutilmoqda. Xususan, 2024 yil 7 mart kuni Dubay xalqaro aeroporti yaqiniga dron qulashi kuzatilgan edi. Ushbu voqealar mintaqadagi xavfsizlik masalasini yanada dolzarb qilib qo'ymoqda. Rasmiy Abu Dabi o'z hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun barcha zarur choralarni ko'rishini ma'lum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!