Si Jinping Xitoy armiyasida tozalash ishlarini boshladi

Xitoy rahbari Si Jinping mamlakat qurolli kuchlarida korrupsiya va sadoqatsizlikka qarshi keskin kurash e'lon qildi. U parlamentning yillik sessiyasida so'zga chiqib, armiya safida partiyaga sodiq bo'lmagan hamda poraxo'rlik bilan shug'ullanadigan shaxslarga o'rin yo'qligini ta'kidladi. Bu bayonot Xitoy Xalq ozodlik armiyasi va Xalq qurolli militsiyasi vakillari ishtirokida o'tgan yig'ilishda yangradi.
Tahlilchilarning fikricha, bu harakatlar 2023 yil o'rtalaridan buyon davom etayotgan keng ko'lamli tozalash kampaniyasining davomidir. O'tgan davr mobaynida Markaziy harbiy kengashning bir qator yuqori martabali a'zolari, jumladan, sobiq mudofaa vaziri va o'ndan ortiq general o'z lavozimlaridan chetlashtirildi. Ayniqsa, Si Jinpingning yaqin safdoshi hisoblangan general Chjan Yuxyaning tergovga tortilishi siyosiy doiralarda katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Ayrim xorijiy nashrlarning yozishicha, general davlat sirlarini, xususan, yadroviy ma'lumotlarni AQSH foydasiga oshkor qilganlikda gumon qilinmoqda.
Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda o'tayotgan Butunxitoy xalq vakillari yig'ilishiga 113 nafar delegatning kelmagani hukumatdagi jiddiy o'zgarishlardan dalolat beradi. Bu ko'rsatkich so'nggi yillardagi eng past natija bo'lib, faqat pandemiya davridagi holatdan keyingi o'rinda turadi. Kuzatuvchilar ushbu holatni armiya va davlat boshqaruv tizimida amalga oshirilayotgan tozalashlar bilan bog'lamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!