Donald Tramp Eron va uning ittifoqchilariga yangi zarbalar berishni va'da qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp 7 mart kuni Eron va unga aloqador guruhlarga qarshi yangi harbiy zarbalar berilishini ma'lum qildi. Prezident o'zining Truth Social sahifasida Eronning xatti-harakatlari tufayli shu paytgacha nishonga olinmagan hududlar va shaxslar guruhi yo'q qilinishi mumkinligini ta'kidladi. Trampning so'zlariga ko'ra, Amerika va Isroilning qo'shma amaliyotlari Eron taslim bo'lmaguncha yoki butunlay qulab tushmaguncha davom etadi.
Ushbu bayonot Eron prezidenti Mas'ud Pizishkiyonning Fors ko'rfazi davlatlaridan raketa va dron hujumlari uchun uzr so'raganidan so'ng yangradi. Eron rahbari, agar mamlakatiga hujum qilinmasa, qo'shni davlatlarga zarba bermaslikka va'da bergan edi. Biroq Tramp bu uzrni Eronning mag'lubiyati sifatida baholadi. Uning fikricha, Eron aynan AQSH va Isroilning shafqatsiz hujumlari tufayli o'z pozitsiyasidan voz kechishga majbur bo'lgan.
Tramp Eronni Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqarganlikda ayblab, mamlakat endilikda mintaqadagi o'z ta'sirini yo'qotganini qo'shimcha qildi. Prezidentning ta'kidlashicha, Eron avvalgi «jangari» maqomidan ayrilib, «omadsiz» davlatga aylangan. Hozirgi vaziyatda Vashington va Tel-Aviv o'z harbiy bosimini yanada kuchaytirish niyatida ekanligini ochiq namoyish etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!