Xitoy Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat yuzasidan muhim bayonot bilan chiqdi. U Eron va Fors ko'rfazi davlatlarining suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurligini ta'kidladi. Diplomatning so'zlariga ko'ra, AQSH va Isroil tomonidan Eron islom respublikasiga qarshi boshlangan qarama-qarshilik hech qanday ijobiy natija bermaydi va bu mojaro zudlik bilan to'xtatilishi kerak.
Vazir dunyo hamjamiyatini kuch ishlatish siyosatidan voz kechishga chaqirdi. Uning fikricha, bunday harakatlar faqatgina begunoh insonlarning qurbon bo'lishiga olib keladi. Van I mintaqa xalqlarini o'z taqdirini o'zi belgilash huquqiga ega bo'lgan haqiqiy xo'jayinlar deb atadi va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashuvini keskin qoraladi.
Xitoy rasmiysi mintaqaviy muammolarni aynan shu hudud davlatlarining o'zi hal qilishi lozimligini qayd etdi. Shuningdek, u "rangli inqiloblar" yoki boshqa davlatlardagi siyosiy tuzumni kuch bilan o'zgartirishga qaratilgan urinishlar xalq tomonidan qo'llab-quvvatlanmasligini alohida ta'kidlab o'tdi. Pekin tomoni barcha tomonlarni muzokaralar stoliga o'tirishga va diplomatik yo'l bilan kelishuvga erishishga da'vat etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!