date

Olimlar Oy tuprog'ida no'xat yetishtirishga muvaffaq bo'lishdi

Olimlar Oy tuprog'ida no'xat yetishtirishga muvaffaq bo'lishdi

Amerikalik olimlar tarixda ilk bor Oy tuprog'iga o'xshash sun'iy muhitda no'xat yetishtirishga erishdilar. Texas va A&M universitetlari mutaxassislari tomonidan o'tkazilgan ushbu tajriba natijalari Scientific Reports jurnalida e'lon qilindi. Bu kashfiyot kelajakda kosmik missiyalar davomida astronavtlarning oziq-ovqat ta'minotini yo'lga qo'yishda muhim qadam bo'lishi mumkin.

Ma'lumki, Oy regoliti Yer tuprog'idan keskin farq qiladi. Unda o'simliklar o'sishi uchun zarur bo'lgan organik moddalar va foydali mikroorganizmlar deyarli yo'q. Bundan tashqari, tarkibidagi og'ir metallar o'simliklar uchun zaharli hisoblanadi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun tadqiqotchilar murakkab usulni qo'llashdi. Ular sun'iy regolitga yomg'ir chuvalchanglari yordamida tayyorlangan vermikompost qo'shishdi. Shuningdek, no'xat urug'lari ekilishidan avval maxsus mikoriza zamburug'lari bilan ishlovdan o'tkazildi. Bu zamburug'lar o'simlikka ozuqa moddalarini o'zlashtirishga yordam berib, zararli metallarning so'rilishiga to'sqinlik qildi.

Tajriba shuni ko'rsatdiki, tarkibida 75 foizgacha Oy regoliti bo'lgan tuproq aralashmasi no'xat o'sishi uchun eng maqbul muhit bo'lib chiqdi. Aynan shu sharoitda o'simliklar to'liq yetilib, hosil berdi. Biroq olimlar hali ish yakunlangani yo'q deb hisoblashmoqda. Tadqiqotning yetakchi muallifi Jessika Atkinning ta'kidlashicha, endilikda yetishtirilgan hosilning inson salomatligi uchun xavfsizligi va ozuqaviy qiymatini chuqur o'rganish talab etiladi. Olimlar no'xat tarkibida zaharli metallar to'planib qolmaganini va u astronavtlar uchun yetarli darajada foydali ekanligini aniqlashlari kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar Oy tuprog'ida no'xat yetishtirishga muvaffaq bo'lishdi