Neft narxi 111 dollargacha ko'tarildi va xavotirlar kuchaydi

Yaqin Sharqdagi harbiy ziddiyatlar va Hormuz bo'g'ozining yopilib qolish xavfi jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashuviga olib keldi. 2022 yildan beri ilk bor neft narxi 100 dollarlik chegaradan oshib o'tdi. Deutsche Welle nashrining xabar berishicha, 9 mart kuni Brent markali neft narxi qariyb 20 foizga o'sib, bir barrel uchun 111,04 dollarni tashkil etdi. WTI markali neft esa 106,17 dollargacha ko'tarildi. Taqqoslash uchun, vaziyat keskinlashgunga qadar narxlar 70 dollar atrofida barqaror edi.
Bozordagi xavotirlarning asosiy sababi dunyo neft ta'minotining 20 foizi o'tadigan Hormuz bo'g'ozining yopilish xavfidir. Energetik inqirozning oldini olish maqsadida AQSh moliya vaziri Skott Bessent Rossiya neftiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni qisman yumshatish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Xususan, Hindistonga Rossiya neftini xarid qilish uchun 30 kunlik maxsus imtiyoz berildi.
Mazkur vaziyatning keskinlashuviga 7 mart kuni Isroilning Eron neft infratuzilmasiga bergan aviazarbalari sabab bo'ldi. Tehron atrofidagi beshta yirik energetika obyekti hujumga uchragach, Eron bunga javoban Fors ko'rfazidagi boshqa davlatlarning neft obyektlariga ham zarba berish bilan tahdid qildi. Bu esa global yoqilg'i bozoridagi beqarorlikni yanada kuchaytirib, investorlarni xavotirga solmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!