Rossiya Eronga urushda ko‘mak bermoqda — Zelenskiy

Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Eronga harbiy jihatdan yordam berayotgani haqida bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina razvedkasi Eron tomonidan ishlatilayotgan ayrim dronlarda Rossiyaga tegishli texnologiya va komponentlar mavjudligini allaqachon aniqlagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu holat Moskva va Tehron o‘rtasidagi harbiy hamkorlik muayyan darajada davom etayotganini ko‘rsatadi. Ukraina maxsus xizmatlari dronlar tarkibidagi ayrim texnik qismlar va texnologiyalar Rossiyada ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.
Shu bilan birga, Zelenskiy hozirgi vaqtda Eron Ukrainaga qarshi zarbalar berish maqsadida Rossiyaga raketa yoki boshqa turdagi og‘ir qurol-yarog‘larni yetkazib bermayotganini ham alohida ta’kidladi.
Ukraina rahbari yana bir muhim masalaga to‘xtalib, mamlakati Yaqin Sharqdagi sherik davlatlarga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Uning aytishicha, Kiyev Eronning “Shahid” dronlariga qarshi kurashish borasida o‘z tajribasini ulashishi mumkin.
Zarur bo‘lsa, Ukraina bu yo‘nalishda maslahat berish yoki texnik yordam ko‘rsatish uchun mutaxassislarni ham yuborishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Zelenskiy bu kabi hamkorlik mintaqada xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!