Bir haftalik urushdan xulosalar

Tehron 3 kunda qulamadi. Tezkor harbiy maqsadga erishish sodir bo‘lmadi. Eronning 40 yillik rahbari o‘limidan keyin ham Eron qulamadi, oyoqda turib bir o‘zi kurashmoqda. AQSHning uzoq muddatli urush rejasi yo‘qligi ma’lum bo‘lmoqda. Ularning eng katta maqsadi Xomanaiyni o‘ldirish bo‘lgan, xolos. U o‘lgach rahbariyat o‘zgarishi, tuzum qulashini taxmin qilishgan. Lekin Erondagi boshqaruv tizimi ularni taxmin qilganidek markazlashgan diktatura ko‘rinishida bo‘lib chiqmadi. Eron bu Venesuela emasligini, Suriya emasligini unutishdi. Eron butunlay boshqacha davlat ekanligini tushunib yetishmadi. Odamlar Trampning chorloviga qaramay ko‘chaga chiqib hokimiyatni qo‘lga olmadi.
Eron urushning ilk kunlaridayoq AQSH va Isroil hujumiga javoban arab davlatlarini o‘qqa tutishni boshladi. Sababi oddiy: arab davlatlarida AQSHning harbiy bazalari bor. Eronning asosiy nishoni Dubay bo‘ldi. Arab olamining sayyohlar uchun eng mashhur shahri Dubay edi. Eronning hujumlaridan so‘ng Dubay sharpalar shahriga aylanib qoldi. Odamlar Dubaydan qochishdi. Bir necha kun ichida Eron dunyodagi eng ko‘p sayyohlar serqatnov bo‘lgan Dubayni dunyodagi eng xavfli shaharlardan biriga aylantirdi. Endi Fors ko‘rfazi avvalgidek bo‘lmaydi. Urush ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.
Rossiya va Ukraina urushining 5-yiliga kelib dunyodagi eng qudratli davlat Ukrainadan Eron dronlariga qarshi kurashish uchun yordam so‘radi. Rossiya 5 yil davomida shunaqa ko‘p shaxid dronlarini uchirdiki, Ukraina ularni tutish bo‘yicha mutaxassisga aylanib ketdi. Bugun Ukraina maktablarida dron uchurish alohida fan sifatida o‘rgatilmoqda. Ukraina harbiylari Eron dronlarini boshqa arzon dronlar yordamida urib tushirishni o‘rganib olishdi. Shu sabab AQSH Yaqin Sharqdagi hamkorlarini himoya qilish uchun Ukrainadan dronlar bo‘yicha yordam so‘rashdi. Arablarda qurol ko‘p, pul ham ko‘p. Lekin pastlab uchadigan kamikadze dronlarini qimmat raketalar bilan urib bo‘lmaydi. Qimmatbaho qurollarga zo‘r bergan amerikaliklar arzon-garov urushga tayyor emasligi malum bo‘ldi. Shuning uchun ular Ukrainadan yordam so‘rashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!