Turkiya aholisi tez qarimoqda: statistika tashvish uyg‘otmoqda

Turkiya statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda aholining qarish jarayoni tezlashmoqda. So‘nggi besh yil ichida 65 yosh va undan katta aholi soni 20 foizdan ortiqqa oshgan.
Hozirda Turkiya aholisi 86 million 92 ming 168 nafarni tashkil etadi. 2020 yilda 7 million 953 ming bo‘lgan keksa aholi soni 2025 yil oxiriga kelib 9 million 583 ming nafarga yetgan. Bu mamlakat umumiy aholisining 11,2 foizini tashkil qiladi.
Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 13 foizdan ham oshishi mumkin. Hozirda har 100 nafar mehnat yoshidagi inson zimmasiga o‘rtacha 16 nafar qariyani ta’minlash mas’uliyati to‘g‘ri kelmoqda.
Statistikaga ko‘ra, qariyalar ulushi eng yuqori hudud Sinop shahri hisoblanadi. Aholi soni jihatidan esa eng ko‘p keksa yashaydigan shahar Istanbuldir.
Mamlakatda 100 yoshdan oshgan 10 228 nafar fuqaro bor bo‘lib, ularning aksariyati ayollardir. Shuningdek, taxminan 1 million 700 ming keksa fuqaro uyida yolg‘iz yashaydi.
2023 yil oxiriga kelib Turkiya BMT tasnifiga ko‘ra aholisi “keksa” bo‘lgan davlatlar qatoriga kirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!