Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi bo‘yicha Eronning pozitsiyasi qanday bo‘lmoqda?

Tehron hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali navbatdagi o‘tishni istagan ayrim davlatlar bilan diplomatik muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi, ammo u qaysi davlatlar ekanini ochiqlamagan.
Aroqchi shunday degan: yakuniy qaror harbiylar qo‘lida, ya’ni siyosiy kelishuvdan tashqari harbiy kuzatuv va nazorat muhim rol o‘ynaydi. Keyinchalik Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oniy ba’zi davlatlar kemalariga maxsus ruxsat berilib, ular bo‘g‘ozdan o‘tkazilganini tasdiqladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Tehron Ho‘rmuzni to‘liq ochish emas, balki tanlab ruxsat berish siyosati orqali boshqarmoqda. Bu esa siyosiy bosimni kamaytirish va global neft bozoridagi keskinliklardan himoya qilish maqsadini ko‘zlaydi.
Shu paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa ittifoqchilariga murojaat qilib, ularni bo‘g‘ozni ochish harakatlariga qo‘shilishga chaqirdi. U hatto, agar yordam bo‘lmasa, NATO uchun “juda yomon kelajak” kutayotganini ta’kidladi.
Biroq Yevropa davlatlari, jumladan Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya hamda boshqa NATO a’zolari Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokni kengaytirmasliklarini bildirishdi. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, AQSH istasa, kuch qo‘llab bo‘g‘ozni ochishi mumkin, ammo bu katta xavf va global keskinlikka olib keladi.
Bundan tashqari, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun ehtimol, quruqlik amaliyoti ham zarur bo‘lishi mumkin. Bu esa uzoq davom etadigan va katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar bilan bog‘liq.
Shu tariqa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muammosi nafaqat mintaqaviy, balki global siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, Eron, AQSH va Yevropa davlatlari orasidagi siyosiy strategiyalarni sinovdan o‘tkazmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!