12:17 / 11.04.2017
5 230

Oslo metrosida Rossiya fuqarosi portlovchi qurilma bilan hibsga olindi

Oslo metrosida Rossiya fuqarosi portlovchi qurilma bilan hibsga olindi
Norvegiya xavfsizlik idoralari terakt amalga oshirishni rejalashtirishda gumon qilingan 17 yoshli rossiyalikni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda Guardian nashriga tayanib "Sof.uz" nashri.

Yakshanba kuni Oslo metrosining tig‘iz bekatlaridan birida sodir bo‘lgan sarosima ortidan hibsga olingan yigitning qo‘lbola qurilma yordamida hujum amalga oshirish rejasi bo‘lgan yoki yo‘qligi noma’lumligicha qolmoqda.

Huquq-tartibot idoralari gumondorning shaxsini oshkor qilmagan, faqat uning Rossiyadan ko‘chib kelgani va 2010 yildan beri Norvegiyadan boshpana olish uchun harakat qilib yurgani ma’lum.

Ma’lum bo‘lishicha, yakshanba kuni Oslo markazida «bombasifat uskuna» paydo bo‘lishi odamlarni sarosimaga solgan. Mahalliy OAVlar tarqatgan xabarda aytilishicha, Norvegiya polisiyasi voqea joyiga bombani zararsizlantirish guruhini jo‘natgan. Polisiya portlovchi qurilmani masofadan turib boshqarilgan robot yordamida zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Guvohlar hodisa paytida portlash ovozi eshitilganini aytishmoqda.

Ayni paytda maxsus guruh voqeani tergov qilish bilan shug‘ullanmoqda. Polisiya portlovchi qurilma ishga tushgan taqdirda, katta talafot bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Juma kuni Shvesiya poytaxti Stokgolm shahrida yuk mashinasi piyodalarni bosib ketishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va 15 kishi jarohat olgan edi. Mazkur jinoyatni amalga oshirishda o‘zbekistonlik muhojir gumon qilinmoqda. Stokgolmdagi terakt tufayli Norvegiya polistiyasi ham kuchaytirilgan qo‘riqlash tartibiga o‘tgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)