Rafael Leao Turkiyaga yoʻl olmoqdami: Fenerbahche Milan yulduzi uchun 60 mln yevro tikmoqda

Italiyaning Milan klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Rafael Leao faoliyatini Turkiya Superligasida davom ettirishi mumkin. Soʻnggi xabarlarga koʻra, Istanbulning Fenerbahche klubi futbolchi uchun jiddiy kurashga kirishgan va transfer borasida hal qiluvchi qadamlarni tashlashga tayyor. Ushbu transfer nafaqat Turkiya, balki Yevropa futbol bozoridagi eng shov-shuvli kelishuvlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Corriere dello Sport nashri bergan maʼlumotlarga koʻra, Milan rahbariyati oʻz yulduzini 50-60 million yevro atrofidagi summaga sotishga rozi. Klub ushbu mablagʻ orqali tarkibni kuchaytirish, xususan Mario Gila va Goncalo Ramos kabi yangi oʻyinchilar transferidan keyingi moliyaviy muvozanatni tiklashni maqsad qilgan. Hozirda Fenerbahche vakillari futbolchining agentlari bilan uchrashish uchun Milanga yetib kelishgan.
Katta maosh va raqobat
Fenerbahche Rafael Leao uchun yiliga 10 million yevro miqdorida maosh va qoʻshimcha bonuslar taklif qilmoqda. Bu Turkiya chempionati uchun rekord darajadagi koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Shunisi eʼtiborliki, futbolchi uchun kurashda Istanbulning boshqa bir grandi — Galatasaray ham ishtirok etmoqda. Biroq hozircha Fenerbahche taklif borasida oʻz raqibidan ancha ilgarilab ketgan.Gazzetta dello Sport xabariga koʻra, Rafael Leao taʼtilining bir qismini Turkiyada oʻtkazgani turli mish-mishlarga sabab boʻlgan edi. Futbolchining oʻzi esa yangi chaqiruvlarga tayyorligini va Italiyada Milan jamoasidan boshqa klubda oʻynamasligini bildirgan. Agar Angliya Premer-ligasi yoki Ispaniya La Ligasi grandlaridan taklif tushmasa, Turkiya varianti u uchun asosiy yoʻnalishga aylanishi mumkin.
Hozircha Rafael Leao yakuniy qarorni qabul qilishga shoshilmayapti. U klubning Avstraliya boʻylab tashkil etiladigan mavsumoldi turiga qoʻshilishi kutilmoqda. Shuningdek, futbolchining Braziliyadagi tijoriy tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Milan esa rasmiy taklifni kutmoqda va transfer oynasi yopilgunga qadar ushbu masalaga oydinlik kiritish niyatida.
Eslatib oʻtamiz, Rafael Leao oʻtgan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasiga qarshi bahsda ham maydonga tushib, gol urishga muvaffaq boʻlgan edi. Uning xalqaro maydondagi va klub miqyosidagi samaradorligi koʻplab jamoalar eʼtiborini tortgan boʻlsa-da, hozircha faqat Turkiya klublari aniq va moddiy jihatdan jozibador taklif bilan chiqishmoqda.






























Izohlar 0
…