Yaponiyada bir ayiq sabab 94 ta maktab yopildi

Yaponiyaning Utsunomiya shahrida kutilmagan holat yuz berdi. Shahar hududida ayiq paydo bo‘lishi ortidan mahalliy hokimiyat xavfsizlik choralarini kuchaytirib, 94 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘rtacha kattalikdagi qora ayiq ilk bor shahardagi bog‘lardan biri yaqinida ko‘ringan. Oradan bir kun o‘tib esa yovvoyi hayvon shahar markazida yana paydo bo‘lib, kuzatuv kameralariga muhrlangan. Videolarda ayiq ko‘chada harakatlanayotgan ikki yigit oldidan yugurib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Keyingi soatlarda hayvon turarjoy massivlari yaqinida ham bir necha bor kuzatilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayiq shahar markazidan bir necha kilometr uzoqlikdagi sanoat hududida ham qayd etilgan.
Vaziyat jiddiy tus olgani sababli politsiya va mahalliy ovchilardan iborat maxsus guruh ayiqni izlash ishlarini boshladi. Hokimiyat aholidan ehtiyotkor bo‘lishni, eshik va derazalarni mahkam yopib yurishni hamda hayvonga duch kelganda unga yaqinlashmaslikni so‘ramoqda. Shuningdek, shahar ko‘chalarida ogohlantiruvchi maxsus avtomobillar harakatlantirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Yaponiyada so‘nggi yillarda ayiqlarning aholi yashaydigan hududlarga chiqib kelishi holatlari keskin ko‘paygan. Bu yilning o‘zida mamlakat bo‘ylab o‘n minglab shunday holatlar qayd etilgan.
Olimlar bu holatni o‘rmonlarda tabiiy ozuqa manbalari kamayib borayotgani, ayniqsa ayiqlar uchun muhim hisoblangan eman yong‘oqlari tanqisligi hamda qishloq hududlarida aholi sonining qisqarishi bilan izohlamoqda. Natijada yovvoyi hayvonlar insonlar yashaydigan hududlarga tobora yaqinlashmoqda.






























Izohlar 0
…