Yaponiyada bitta ayiq sababli 94 ta maktab yopildi

Mahalliy hokimiyat bu qarorni shahar hududida ilgari uchramagan Osiyo qora ayig‘ining paydo bo‘lgani uchun qabul qilgan.
Utsunomiya Tokiodan 100 kilometr shimolda joylashgan bo‘lib, unda 500 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hayvon ilk bor 6 iyun kuni shahar bog‘i yaqinida ko‘ringan, ertasi kuni esa kuzatuv kameralari ayiqni markaziy ko‘chalarda qayd etgan. Keyinroq u turar joy dahalarida ham ko‘rinish bergan. 8 iyun kuni ayiqni shahar markazidan ikki kilometr uzoqlikdagi sanoat hududida ko‘rishgan.
Politsiya va ovchilar ayiqni qidirishni davom ettirmoqda. Shahar xizmatlari ovoz kuchaytirgich o‘rnatilgan mashinalarda ko‘chalarni aylanib, aholini xavfdan ogohlantiryapti. Rasmiylar fuqarolardan eshik va derazalarni qulflashni, yirtqichga yaqinlashmaslikni va unga duch kelganda binolarga yashirinishni so‘ramoqda.
Bu yil Yaponiyada ayiqlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq 50 mingga yaqin holat qayd etildi. Bu mamlakat uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, ularning odamlarga hujumlari soni ham ortmoqda.





























Izohlar 0
…