Urush tugaydimi? AQSH va Eron kelishuvi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

AQSH va Eron 19 iyun kuni Jeneva shahrida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashi mumkin. Al Arabiya English nashri ushbu hujjat loyihasining nusxasini qo‘lga kiritgan.
14 banddan iborat bo‘lgan hujjatda urushni to‘liq to‘xtatish, ikki tomonlama munosabatlarni tiklash va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, AQSH va Eron, shuningdek, ularning ittifoqchilari barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish majburiyatini oladi. Tomonlar bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilib, ichki ishlariga aralashmaslikka kelishib oladi.
Hujjatda eng ko‘pi bilan 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish rejalashtirilgan. AQSH dengiz blokadasini bekor qilishi, o‘z harbiy kuchlarini hududdan olib chiqishi va dengiz qatnovini tiklashi kerak bo‘ladi.
Eron esa Fors ko‘rfazi va Ummon dengizi o‘rtasidagi savdo kemalari harakatini qayta yo‘lga qo‘yish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va xavfsizlik choralarini ko‘rish majburiyatini oladi.
Hujjatda AQSH va mintaqaviy hamkorlar ishtirokida Eron iqtisodiyotini tiklash uchun kamida 300 milliard dollarlik dastur yaratilishi ham nazarda tutilgan. Mablag‘lar energetika, logistika, transport va ishlab chiqarish sohalariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, AQSH Eronga qarshi barcha turdagi sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishi, muzlatilgan aktivlarni ozod qilishi hamda neft eksporti uchun ruxsatnomalar taqdim etishi rejalashtirilgan.
Eron esa hech qachon yadro quroli yaratmasligini yana bir bor tasdiqlagan. Yadroviy dastur bilan bog‘liq barcha masalalar yakuniy kelishuv doirasida hal etiladi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, avval Tehron Vashingtondan 400 milliard dollarlik kompensatsiya talab qilgan, ammo AQSH bu taklifni rad etgan. Shu bois 300 milliard dollarlik xususiy investitsiya fondi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Yakuniy kelishuv esa BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy kuchga ega rezolyutsiyasi orqali tasdiqlanishi mumkin.





























Izohlar 0
…