Olimlar xavotirda: dunyo okeanida harorat rekord darajada isidi

Dunyo okeanidagi suv harorati yana tarixiy rekordni yangiladi. Mutaxassislar fikricha, bu nafaqat navbatdagi iqlim rekordi, balki global isish jarayonlari yanada kuchayib borayotganining muhim belgilaridan biri hisoblanadi.
Copernicus Marine Service ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil iyun oyida dunyo okeani yuzasining o‘rtacha harorati 21,0 darajaga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2023 va 2024 yillarning shu davrida qayd etilgan avvalgi rekordlardan ham yuqori bo‘ldi.
Mutaxassislar eng yuqori haroratlar Tinch okeanining tropik va subtropik hududlari, Chili va Kaliforniya qirg‘oqlari atrofi, Shimoliy Atlantikaning subtropik qismi hamda Yevropa g‘arbi sohillarida kuzatilganini ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki olti oyida dunyo okeanining o‘rtacha harorati 20,94 darajani tashkil etib, kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng yuqori natija sifatida qayd etildi.
O‘rta Yer dengizida ham vaziyat diqqatga sazovor. Yanvar–iyun oylarida suvning o‘rtacha harorati 18,07 darajaga yetdi. Iyun oyida esa dengiz yuzasi 24,3 darajagacha qizib, ko‘p yillik kuzatuvlardagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan beri issiqlik to‘lqinlari dunyo okeani yuzasining qariyb 82 foiziga ta’sir o‘tkazgan. Shu bois okeanlardagi o‘zgarishlarni doimiy va yuqori aniqlikda kuzatib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislar bu jarayonning asosiy omillaridan biri sifatida El-Nino iqlim hodisasini ko‘rsatmoqda. U Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv haroratining me’yordan ortiq isishi bilan xarakterlanadi hamda butun dunyoda ob-havo tizimiga ta’sir ko‘rsatadi.
Okeanologlarning ta’kidlashicha, okean Yerdagi ortiqcha issiqlik energiyasining asosiy qismini o‘ziga yutadi. Shu sababli suv haroratidagi har qanday keskin o‘zgarish global iqlimda kechayotgan jarayonlarning muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.






























Izohlar 0
…