Isyonchilarning qonli hujumi: amerikalik uchuvchi otib tashlandi

Isyonchilarning qonli hujumi: amerikalik uchuvchi otib tashlandi

Indoneziyaning Papua hududida qurolli isyonchilar tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi hujum xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortdi. Hodisa oqibatida amerikalik uchuvchi halok bo‘lgani, fuqarolik samolyoti esa yoqib yuborilgani xabar qilinmoqda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, voqea 2 iyul kuni Tog‘li Papua provinsiyasidagi Yahukimo hududida sodir bo‘lgan. Mahalliy ayirmachi guruh — «G‘arbiy Papua milliy ozodlik armiyasi» (TPNPB) vakili Sebbi Sambom hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Uning ta’kidlashicha, amerikalik uchuvchi Nikolas F. Gosselin boshqaruvidagi samolyot qo‘nganidan keyin qurolli shaxslar tomonidan hujumga uchragan. Natijada uchuvchi otib o‘ldirilgan, samolyot esa yoqib yuborilgan. Isyonchilarning iddaosicha, ushbu havo kemasi avval ham Indoneziya harbiylarini tashishda foydalanilgan.

Indoneziya politsiyasi va armiyasining Papuadagi qo‘shma operatsiyasi vakili Yusuf Sutejo mahalliy aeroportda samolyot yongan holda topilganini tasdiqladi. Biroq u hozircha uchuvchining halok bo‘lgani yoki hujum aynan isyonchilar tomonidan amalga oshirilganini rasman tasdiqlamaganini ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida uchuvchidan tashqari yana yetti nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning barchasi mahalliy aholi vakillari ekani qayd etilgan.

TPNPB vakili mazkur hujumni Indoneziya va AQSH hukumatlariga yo‘llangan siyosiy ogohlantirish sifatida baholadi. Shuningdek, u isyonchilar nazoratidagi hududlarga fuqarolik samolyotlari qatnovi davom etsa, bunday hujumlar yana takrorlanishi mumkinligini bildirdi.

Hodisa yuzasidan AQSHning Jakartadagi elchixonasi hozircha rasmiy munosabat bildirmagan. Indoneziya Transport vazirligi esa samolyot qo‘nganidan so‘ng u bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar