2 ming dollar pora va 160 ming dollarlik yer savdosi fosh etildi

Toshkentda kadastr xodimi pora olayotganda, Andijonda esa davlat zaxirasidagi yerni sotishni va’da qilgan fuqaro qo‘lga olindi.
Birinchi holat DXX «Koll-markazi»ga tushgan murojaatdan keyin aniqlangan. Kadastr agentligining Yashnobod tumani bo‘limi bosh inspektori yengil konstruksiyali noqonuniy qurilmalarni buzdirmaslik va jarima qo‘llamaslik uchun pul talab qilgan.
Tezkor tadbirda u uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSH dollarini qabul qilayotganida ushlangan. Amaliyot DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan.

Andijondagi holatda esa 1984 yilda tug‘ilgan shaxs Xakan sanoat hududidagi 40 sotix yer maydonini «E-auksion» orqali olganini bildirgan.
Aslida davlat zaxirasida bo‘lgan ushbu yerni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga o‘tkazib berish uchun u 160 ming dollar so‘ragan.
DXX, ichki ishlar va departament xodimlari uni 80 ming dollar oldindan to‘lovni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlagan.
Har ikki ish bo‘yicha jinoyat ishlari ochilgan. Ayni paytda tergov olib borilmoqda.































Izohlar 0
…