Ronaldu zilzilada oilasidan ayrilgan bolaga videomurojaat yo‘lladi

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu Venesuelada sodir bo‘lgan zilzilada og‘ir jarohat olgan 11 yoshli Andres Meles uchun samimiy videomurojaat yo‘llab, uning orzusini ro‘yobga chiqardi. Bu haqda Sport nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kuchli zilzila oqibatida Andres bir oyog‘idan ayrilgan, uning oila a’zolari esa vayronalar ostida halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar bolani og‘ir ahvolda vayronalar orasidan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Shifoxonada davolanayotgan Andresning eng katta orzusi sevimli futbolchisi Krishtianu Ronaldu tasvirlangan Panini stikeriga ega bo‘lish edi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, Ronaldu bolaning iltimosiga befarq qolmadi.
Futbol yulduzi Andres uchun maxsus videomurojaat yozib, unga stiker ham yubordi. Videoda Ronaldu bolaga tezroq sog‘ayib ketishini tilab, kelajakda o‘z o‘yinlaridan biriga shaxsan taklif qilishini aytdi.
“Senga ushbu video orqali samimiy quchog‘imni yo‘llayman. Tuzalib ketganingdan so‘ng seni o‘yinlarimdan biriga taklif qilmoqchiman. Sen bilan uchrashishdan xursand bo‘lardim”, — dedi Ronaldu.
Kutilmagan sovg‘ani olgan Andres buni hayotidagi eng unutilmas voqealardan biri ekanini aytib, o‘z quvonchini yashira olmadi.
Andres qutqarib qolinganidan so‘ng yana bir orzusini ham oshkor qilgan. U 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga bag‘ishlangan albomiga aynan Krishtianu Ronaldu stikerini yopishtirishni orzu qilayotganini aytgan.






























Izohlar 0
…