Toshkentda uylar narxi o‘zgardi: eng qimmat va arzon tumanlar

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozorida bir oy davomida keskin narx tebranishlari kuzatilmadi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda uy-joylar qiymati ozroq oshgan bo‘lsa, ba’zi hududlarda esa pasayish qayd etildi. Bu haqda Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ma’lum qildi.
Markaziy elektron savdo platformalaridagi e’lonlar tahliliga ko‘ra, 1 iyul holatida ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun 16,5 million so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz yuqori.
Eng qimmat xonadonlar Shayxontohur tumanida qayd etildi. Bu yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 25,3 million so‘mga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Mirobod (23,2 mln so‘m) va Yakkasaroy (20,5 mln so‘m) tumanlari joylashdi.
Eng arzon uy-joylar esa Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatildi. Ushbu hududlarda bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 11–11,5 million so‘m atrofida bo‘lgan.
Xususiy uylar bozorida ham narxlar deyarli barqaror saqlandi. Bir sotix yerning o‘rtacha qiymati bir oy ichida 912,9 million so‘mdan 916,9 million so‘mgacha ko‘tarildi.

Bu yo‘nalishda eng qimmat hudud Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘lib, bir sotix yerning o‘rtacha narxi 1,72 milliard so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Yakkasaroy va Yunusobod tumanlari qayd etildi. Eng arzon xususiy uylar esa Bektemir va Yangihayot tumanlarida saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, bir oy ichida Sergeli va Chilonzor tumanlarida xususiy uylar narxida yengil pasayish kuzatildi.






























Izohlar 0
…