Olimlar Sirdaryo baliqlarida xavfli modda aniqladi

O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro tadqiqot davomida Sirdaryoning Chirchiq va Qoradaryo irmoqlaridagi baliqlarning 60,7 foizi organizmida mikroplastik zarrachalari mavjudligi aniqlandi.
Tadqiqot Tomsk davlat universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti va Andijon davlat universiteti olimlari hamkorligida o‘tkazildi. Mutaxassislar 61 ta baliq namunasini tahlil qilib, har birida o‘rtacha 2,61 ta mikroplastik zarracha borligini qayd etdi. Shuningdek, baliq qancha yirik bo‘lsa, uning organizmida mikroplastik miqdori ham shuncha ko‘p bo‘lishi aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, topilgan zarrachalarning asosiy qismi qadoqlash materiallari emas, balki sintetik mikrotolalardan iborat. Olimlar bu holatni to‘qimachilik sanoati rivojlangani va oqova suvlarni tozalash inshootlari bunday tolalarni to‘liq ushlab qola olmasligi bilan izohlamoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mikroplastik baliqlarning ovqat hazm qilish, endokrin va immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, plastik zarrachalari oziq zanjiri orqali boshqa tirik organizmlarga ham o‘tishi ehtimoli yuqori.






























Izohlar 0
…