21 yoshli yigit uy orzusidan kechib, bobosi bilan Jahon chempionatiga chipta oldi

Ko‘pchilik yoshlar uy sotib olish yoki kelajagi uchun mablag‘ yig‘ishni eng muhim maqsadlardan biri deb biladi. Biroq Angliyada yashovchi 21 yoshli Jeykob Allmendinger o‘z hayotida unutilmas xotira qoldirishni tanladi. U bir necha yil davomida uy xarid qilish uchun yig‘gan jamg‘armasini sarflab, 80 yoshli bobosi Jeff bilan birgalikda Shimoliy Amerikada o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga safar qildi.
BBC nashri ma’lum qilishicha, Angliyaning Nort Ferribi shahrida yashovchi Jeykob 16 yoshidan boshlab kelajakda uy sotib olish uchun dastlabki badal sifatida taxminan 10 ming funt sterling, ya’ni 13 ming dollardan ortiq mablag‘ni yig‘ib kelgan. Ammo Jahon chempionati yaqinlashganida u ushbu mablag‘ni mutlaqo boshqa maqsadga sarflashga qaror qildi.
Jeykobning ta’kidlashicha, unda futbolga bo‘lgan muhabbatni aynan bobosi uyg‘otgan. Bolaligidan beri ular birgalikda futbol uchrashuvlarini tomosha qilib, Angliya terma jamoasi hamda «Hall Siti» klubini qo‘llab-quvvatlab kelishadi. Shu bois bobosi bilan Jahon chempionatini jonli tomosha qilish uning eng katta orzularidan biri bo‘lgan.
Yosh yigit bu qaroridan aslo pushaymon emasligini aytadi.
«Tanlovimdan hech ham afsuslanmadim. Pulni yana yig‘ish mumkin, lekin bunday xotiralar hayotda bir marta nasib etadi», — deydi Jeykob.
Hozirga qadar bobo va nabira Nyu-York, Filadelfiya, Atlanta hamda Mayami shaharlarida bo‘lib, Jahon chempionati muhitini yaqindan his qilishga ulgurishdi. Ular safar davomidagi eng yorqin lahzalarni ijtimoiy tarmoqlarda ham baham ko‘rib, ko‘plab foydalanuvchilarning e’tiborini qozonmoqda.
Jeykobning aytishicha, buvisining vafotidan keyin futbol ular uchun yanada alohida ahamiyat kasb etgan. Bu safar esa oddiy futbol tomoshasi emas, balki birgalikda o‘tkazilgan qimmatli vaqt va umrbod esda qoladigan oilaviy xotiraga aylangan.
80 yoshli Jeff ham nabirasining bu qarori uni chuqur ta’sirlantirganini yashirmadi.
«Jeykobdek nabiraga ega bo‘lish — men uchun katta baxt. Albatta, barcha nabiralarim ajoyib, ammo uning men uchun qilgan bu ishini hech qachon unutmayman», — dedi u.
Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinib, ko‘pchilik Jeykobning tanlovini qo‘llab-quvvatladi. Foydalanuvchilarning fikricha, uyni keyinroq ham sotib olish mumkin, ammo yaqin insonlar bilan birga o‘tkazilgan bunday unutilmas lahzalarning qadri pul bilan o‘lchanmaydi.






























Izohlar 0
…